/

Nursulton Nazarboyev nevarasining o‘limi sababi ma’lum qilindi

Foto: Facebook / @aisultan.nazarbayev

Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning nevarasi Oysulton Nazarboyev o‘tgan yili Britaniya poytaxtida kokainga qaramlik oqibatida yuzaga kelgan tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan. G‘arbiy London koroneri Fiona Uilkoks shunday xulosaga kelgan. Bu haqda Nazarboyevlar oilasining Britaniyadagi vakili ma’lum qildiccc.

Huquq-tartibot organlari guvohlar, politsiya va psixiatr ko‘rsatmalariga tayangan holda, sobiq prezident nevarasining o‘limi g‘ayritabiiylik nuqtayi nazaridan shubha uyg‘otmasligi va narkotiklar bilan bog‘liqligi haqidagu xulosaga kelgan.

“Biz so‘nggi olti oy mobaynida katta ko‘mak berganlarning barchasiga va tekshiruvni munosib olib borgan koronerga minnatdorlik bildiramiz. Biz shunday qiyin vaqtda maxfiylikni so‘rab qolamiz”, — deyiladi oilaning bayonotida.

Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning nevarasi Oysulton Nazarboyev 16-avgustga o‘tar kechasi Londonda 29 yoshida vafot etgan edi. O‘shanda dastlabki taxminlarga tayangan holda, uning yuragi to‘xtashi oqibatida o‘lim yuz bergani aytilgan edi.

Oysulton Nazarboyev Darig‘a Nazarboyeva va Rahat Aliyevning o‘g‘li edi. U 1990-yil 26-avgustda tug‘ilgan. Uning otasi Rahat Aliyev 2015-yilda Venadagi qamoqxonada o‘lik holda topilgandi.

Oysulton Britaniyaning Qirollik harbiy akademiyasini va Qozog‘istondagi KIMEP universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. U Qozog‘iston Mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasida xizmat qilgan. Futbol bilan shug‘ullangan hamda Qozog‘iston va xorijning bir necha klubida, jumladan, “Portsmut”ning yoshlar jamoasida o‘ynagan. Qozog‘iston futbol federatsiyasida vitse-prezident lavozimida ishlagan.

2019-yilda Oysulton Londonda o‘z joniga qasd qilishga uringanida uni to‘xtatib qolgan politsiya xodimini tishlab olgandi. Bu harakati uchun sud unga 1,5 yil muddatga shartli jazo bergandi.

Oysulton Nazarboyev 2020-yil fevralida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana berishni so‘ragan hamda Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi yirik ko‘lamli korrupsiya va xalqdan o‘g‘irlangan milliardlab dollarlar haqidagi ma’lumotga ega ekani haqida yozgandi.

Koroner — ba’zi mamlakatlarda noodatiy holatda va to‘satdan yuz bergan o‘limni maxsus tekshirib, o‘lim sababini aniqlovchi amaldor.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog