Foto: Podrobno.uz

Nurmat Otabekov kimlarga emlanish tavsiya etilmasligi haqida ma’lumot berdi

/

COVID-19’ga qarshi kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi? Emlangandan keyin asoratlar bo‘lishi mumkinmi? Ushbu savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov javob berdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

 Emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi. OIV infeksiyasiga yoki autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan, anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan shaxslarni, homiladorlarni, emizikli ayollarni va 18 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlamini emlash tavsiya etilmaydi.

Har qanday holatda ham emlash to‘g‘risidagi qaror tibbiy ko‘rik natijasida qabul qilinadi. Mabodo emlashga monelik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy ko‘rik o‘tkazayotgan shifokor, albatta, unga e’tibor qaratadi, – deydi Nurmat Otabekov.

— Koronavirus bilan kasallangan shaxslar bilan yaqin aloqada bo‘lganlarni emlash mumkinmi? Buni qayerda va qanday amalga oshirish mumkin?

— Koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxslar karantin (14 kun) tugaganidan keyin, shifokor ko‘rigidan so‘ng emlanadi.

— Emlangandan keyingi asoratlarning oldini olish borasida qanday ishlar qilinyapti?

— Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi. Keyinchalik uch kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularning sog‘lig‘i, ahvoli ko‘zdan kechirilib, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

Barcha emlash maskanlarida mutaxassislar (vaksinatorlar), asbob-anjomlar va birinchi tibbiy yordam uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar zaxirasi yaratiladi. Emlash mutaxassislari emlashdan keyingi salbiy reaksiyalarni aniqlash va lozim bo‘lgan taqdirda tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. COVID-19’ga qarshi emlanish bilan bog‘liq allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari ham jalb etiladi.

Yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, fuqarolar emlanishdan oldin, albatta, tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu kutilmagan asoratlarning oldini olishga zamin yaratadi, – deydi Nurmat Otabekov.

Latest from Blog