Foto: Xabar.uz

Nukus va Norindagi avtohalokatlarda sakkiz kishi vafot etdi

11-may kuni Nukus-Toʻrtkoʻl yoʻlining 225-kilometrida, Chilpiq yodgorligi qarshisida Cobalt, Nexia va Damas ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Bu haqda Xabar.uz xabar berdi.

Mashinalar toʻqnashuvi natijasida 6 kishi — Cobalt yoʻlovchisi, Nexiaʼning toʻrt yoʻlovchisi va Damas haydovchisi voqea joyida halok boʻldi. Nexia va Cobalt haydovchilari shifoxonaga yotqizilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

12-may kuni soat 10:30 larda Choʻja-Haqqulobod yoʻlining 22-kilometrida, Namangan viloyati Norin tumanida uchta avtomobil ishtirokida yana bir fojiali YTH sodir boʻldi.

Viloyat IIB matbuot xizmatining xabar qilishicha, shu tumanda yashovchi fuqaro (1978) Nexia avtomobilida yoʻlning qarama-qarshi qismiga oʻtib, avval tumandoshi (1976) boshqaruvidagi Damas, soʻngra Namangan tumanidan boʻlgan boshqa bir haydovchi (1997) haydab kelayotgan UAZ bilan toʻqnashuv sodir etgan.

Natijada Nexia avtomobilining ikki yoʻlovchisi — Norin va Paxtachi tumanlarida yashagan fuqarolar (1959 va 1984-yillarda tugʻilgan) voqea joyida hayotdan koʻz yumdi.

Nexia haydovchisining oʻzi esa bosh miya chayqalishi, oʻng koʻkrak qovurgʻa suyaklarini yopiq sinishi, oʻng oyoq boldir suyagini yopiq sinishi, yoʻlovchilari, Namangan shahrida yashovchi fuqaro (1982) bosh miya chayqalishi, ikkala oyoq son suyagini yopiq sinishi, Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi ayol (1982) bosh miya chayqalishi, ikkala koʻz sohasi gematomasi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu holat boʻyicha Norin tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 2021-yil 12-may kuni Oʻz.R JKning 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” Urganch yaqinida sodir boʻlgan avtohalokatda 3 kishi, Fargʻona viloyati Yozyovon tumanida 6 kishi, Qashqadaryoda sodir boʻlgan avtohalokatda 7 kishi, jumladan ikki bolaning halok boʻlgani haqida xabar bergan edi.

YHXBB maʼlumotlariga koʻra, yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonda 1491 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlib, ularda 394 kishi hayotdan koʻz yumdi, 1168 kishi turli darajada tan jarohatlari oldi.

Latest from Blog