Interfax.uz mehmoni – professional teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyeva

“Interfax.uz mehmoni” loyihasining bugungi mehmoni – mashhur teleboshlovchi, suyukli ayol, mehribon ona, o‘ta masuliyatli va qatiyatli Nilufar Sotiboldiyeva.

Nilufar Sotiboldiyeva haqida qisqacha ma’lumot:

Tug‘ilgan sanasi: 21.05.1982

Tug‘ilgan joyi: Toshkent shahri

Burji: Buzoq

Sevimli muallifi: Paulo Kaelo

– O‘zingizni qanday bola holatida  eslaysiz?

– O‘ta masuliyatli bo‘lganman. O‘z oldimga aniq maqsad qo‘yib, unga erishish uchun tirishqoqlik bilan harakat qilar, hamma narsa a’lo darajada bo‘lishini istardim. Ko‘pincha o’zimga yo‘q joydan muammo topardim. Bu odatim haligacha bor va ba’zida halal beradi.

– Orzularingizga erishishga nimalar ko‘proq turtki beradi?

-Ko‘proq oyijonim maqsadlarimga erishishga ruhlantirganlar. Bolaligimdan menda nimalarga qodirligimni atrofimdagilarga isbotlab berish istagi kuchli bo‘lgan. Shuningdek, o‘zgalar tanqidi ham ba’zan yanada kuchli mehnat qilishga undaydi.

– Hammaning ham tanqidini to‘g‘ri qabul qilasizmi?

– Yaqinlarim, opam va singlimning hamda men qilayotgan ishni mendan-da yaxshiroq qila oladigan insonlarning  tanqidini to‘g‘ri qabul qilaman.

– Talabalik yillaringiz haqida gapirib bering.

– Men O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olganman. Otam bolaligimda vafot etgani tufayli to‘lov shartnoma pulini to‘lashda onamga ko‘maklashardim. Buning uchun bolalar bog‘chasida ingliz tilidan dars berganman.

– Teleboshlovchilik faoliyatingiz ham talabaligingizdan boshlangan-a?

– Universitetning  4-kursida tajriba o‘tash uchun meni “Sport” telekanaliga jo‘natishgan. Dildora Rustamova bilan ilk marotaba studiyaga kirganimda televideniyening bir xodimi menga “sendan diktor chiqmaydi. Diktor bo‘lish uchun chiroyli bo‘lish kerak. Sen yoqimtoysan-u, lekin chiroyli emassan”, degan. Bu so‘zlar meni  nimalarga qodirligimni, albatta diktor bo‘la olishimni  unga isbotlashga undagan. Bunda mening omadim ham chopgan. Omad ham ko‘p hollarda kishiga yordam beradi.

– Kimni o‘zingizga ustoz deb bilasiz?

– Ra’no Jo‘rayeva, Abdumo‘min O‘tbosarov, Dilorom Umarova singari ustozlar bilan  bevosita ishlashga muvaffaq bo‘lganman. Ulardan ko‘p narsani o‘rganganman.

– Teleboshlovchi uchun muhim bo‘lgan xislatlar?

– Yaxshi tashqi ko‘rinish, ideal nutq, odamlarni o‘ziga ergashtira olish qobiliyati, keng dunyoqarash, xarizmasi  bo‘lishi kerak.

– Nilufar Sotiboldieva muvaffaqiyatining cho‘qqisi qaysi yillarga to‘g‘ri keladi deb o‘ylaysiz?

– 2010-2013 yillar bo‘lsa kerak.

– Agar xorij televideniyesi sizni ishga taklif qilsa, borarmidingiz?

– Borardim. Bunday yangi yo‘nalishlar men uchun hamisha qiziq bo‘lib kelgan.

Hayotda sizni nima ruhlantiradi?

– Vaqt o‘tishi bilan tamoyillar ham o‘zgarib borar ekan… Yoshlik payti shovqin-suronli bazmlar, sayohatlar, faol hayot tarzi yoqgan bo‘lsa, oila qurgach, ayniqsa, ona bo‘lgach, ruhiyatingizni tinchlantiradigan sokin joylarda, yaqinlaringiz davrasida bo‘lgingiz keladi…

Nega shaxsiy hayotingizni sir tutasiz?

– Bilasizmi, sahnadagi yutuqlarim, kasbimga oid yangiliklar haqida qancha istashsa, muhokama qilishlari mumkin. Lekin shaxsiy hayot o‘z nomi bilan shaxsiy bo‘lishi kerak. Va mening shaxsiy hayotim, munosabatlarim faqat yaqinlarim uchun biroz ochilishi mumkin. Boshqalarning bunga aralashishga haqqi yo‘q deb hisoblayman.

– Hatto homiladorlik paytingizda ham sahnadan  ketmagansiz. Buning sababi nimada? Kasbingizni shunchalik yaxshi ko‘rasizmi?

– Men kasbimni qanchalik yaxshi ko’rsam, kasbim ham meni shuncha yaxshi ko‘radi (kulib). Tadbir va marosimlarga taklif qilishganda, men yo‘q, bora olmayman degan paytlarim ham mening borishimni astoydil istashgan. Qolaversa, yaxshi insonlar bilan muloqot, sevimli ishingiz bilan  shug‘ullanayotganingiz zavqi bu davrda ijobiy ta’sir qiladi.

– Ko‘proq nima uchun shukrona bildirasiz va  nimalarni qadrlaysiz?

– O‘ylab qarasam, orzu qilgan narsalarimning  aksariyatiga erishibman. Har tong uyg‘onib ko‘proq o‘zim ega bo‘lgan  barcha narsalar uchun shukrona qilaman. Sevimli ishim, meni ardoqlaydigan insonlar, oilam, farzandim, yaqinlarim bor. Lekin ko‘proq sog‘likni qadrlash kerak.

– Qizingiz haqida gapirib bering.

– Qizimning ismi Amani, arabchadan tarjima qilinganda “kutilgan, istalgan” ma’nosini bildiradi. Yaqinda ikki yoshga to‘ladi.

O‘zingizni uchta xislat bilan  ta’riflang.

– Masuliyatli, sodiq va xushchaqchaq bo‘lsam kerak.

– Depressiyaga tushgan paytlaringizda qanday yo‘l tutasiz?

– Do‘stlar bilan sayrga chiqish, yolg‘iz qolish mumkin. Lekin men ko‘proq ishga sho‘ng‘ib ketaman.

– Xobbiyingiz bormi?

-Toshbaqalar yig‘aman. Maktab payti menga toshbaqa sovg‘a qilishgan. O‘shandan buyon bu jonzotga qiziqib qolganman. Qayerga sayohatga borsam ham, toshbaqa olib kelaman. Kolleksiyamda 150 dan ortiq toshbaqa bor.

– 150 ta? Ularni qanday boqasiz?

– Ular jonli emas, o‘yinchoq toshbaqalar (tabassum bilan) faqat yaqinda qizimga “pipito” laqabli jonli toshbaqa berishdi. U qizimning sevimli “o‘yinchog‘i”ga aylandi.

– Ijtimoiy tarmoqda Oksfordda tushgan  suratlaringiz bor. Nima sababdan  u yerga borgansiz?

– Ingliz tili fakultetini bitirganman. Til ko‘nikmalarimni yanada oshirish uchun qo‘shimcha kurslarga borganman. Aynan shu yerda bo‘lajak turmush o‘rtog‘imni uchratganman.

– Turmush o‘rtog‘ingizni tanlashda qanday tamoyillarga tayangansiz?

– Sodiq, masuliyatli bo‘lishi va kasbimni  tushunadigan  bo‘lishi kerak deb bilganman.

– Agar bitta  noodatiy qobiliyatingiz bo‘lishi mumkin bo‘lsa, bu qanday qobiliyat bo‘lishini istardingiz?

– Menda bir emas, uchta qobiliyat bo‘lishini istardim (kulib). Fikrlarni o‘qish, kelajakni bilish  hamda  vaqtni orqaga qaytarish. Ko‘roq vaqtni orqaga qaytargim keladi…

– Mualliflik ko‘rsatuvingiz bo‘lishini istarmidingiz?

– Menga ko‘proq jiddiyroq, informatsion dastur olib borish to‘g‘ri keladi. Mana hozir ham ko‘ngilochar dastur olib boryapman. Lekin, nazarimda bu janr men uchun uncha mos emas.

– Shioringiz.

– Faqat oldinga!

Xulosa: Nilufar Sotiboldiyeva bilan suhbat paytida uning o‘z maqsadi sari dadil intiluvchi, o‘ta masuliyatli, oilasi va kasbini birdek qadrlaydigan, o‘z fikrini mukammal yetkazib bera oladigan, har qanday yutuqga mashaqqatli mehnati bilan erishishni afzal biluvchi insonligiga amin bo‘ldim.

Gavhar Sagdullayeva suhbatlashdi

Fikr bildirish

Latest from Blog