Foto: AT Today

Niderlandiyada koʻzi ojizlar uchun maxsus koʻzoynak ishlab chiqildi

/

Niderlandiyaning Envision kompaniyasi Google bilan hamkorlikda koʻzi ojizlar va koʻrish qobiliyati past boʻlgan odamlar uchun maxsus koʻzoynaklar ishlab chiqdi. Ular kompyuterli koʻrish kamerasi va ovozli yordamchi bilan jihozlangan. Taqdim etilgan ixtiro nafaqat maʼlum bir makonda harakatlanish, atrof-muhitni tasvirlab berish, balki yozuv va matnlarni oʻqish hamda atrofdagi odamlarni tanib olishga yordam beradi.

Envision koʻzoynaklarining oʻziga xos xususiyati ularning koʻp funksiyaliligidadir. Qurilma alohida buyumlarni, ranglarni, umuman atrof-muhitni, yozuv va matnlarni va hatto odamlarni (fotosuratlari qurilmaning maʼlumotlar bazasiga kiritilgan odamlarni) taniy oladi. Tanib olish koʻzoynaklarga oʻrnatilgan kamera orqali amalga oshirilib, ovoz kuchaytirgich orqali yoki USB yohud Bluetooth vositasida koʻzoynaklarga ulangan quloqchinlar yordamida ovozli assistentning koʻmagida uskuna egasiga yetkaziladi.

Envisionning yangi koʻzoynagi Google Glass Enterprise Edition 2 koʻzoynaklariga asoslangan boʻlib, Google uni oʻtgan yili may oyida taqdim qilgandi. Gollandiyalik ishlab chiquvchilar yaratgan uskuna narxi hozirda 1500 yevroni tashkil qiladi. Keyinchalik uning narxi 1900 yevrogacha koʻtarilishi kutilmoqda. Mahsulotlarni yetkazib berish joriy yilning avgust oyi boshlanishi rejalashtirilgan.

Latest from Blog