Bugun, 2020-yil 27-avgust, payshanba kuni, navoiyshunos olim, shoir va yozuvchi Akrom Malik ozodlikka chiqdi. Bu haqida uning ijod namunalari berib borilayotgan “Akrom Malik qaydlari” telegram kanali maʼlum qildi.

U 2016-yil iyul oyida MXX tomonidan qamoqqa olingan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (“Konstitutsion tuzumga tajovuz”) hamda 244-moddasi (“Jamoat xavfsizligiga tahdid”) bilan ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Akrom Malikning muxolifatdagi Muhammad Solih bilan hamkorligi va “Abdulloh Nusrat” taxallusi bilan yozgan siyosiy-tanqidiy maqolalari jinoyat sifatida baholangan.
Akrom Malik qamoqda ilmiy va badiiy ijod bilan mashgʻul boʻldi. Uning qalamiga mansub “Jangchi”, “Halqa” kabi qissalari, “Qalbning ichidagi nur” risolasi va bir necha sheʼrlari ijtimoiy tarmoqlardan jamoatchilikka yetib bordi.
Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan bir guruh mahkumlar qatorida Akrom Malik ham afv etildi.