/

Navalniy “hibsxonadan qochishga moyil shaxslar” roʻyxatiga kiritildi

Foto: BusinessLIVE

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy saqlanayotgan “Matrosskaya tishina” hibsxonasi profilaktika komissiyasi uni “qochishga moyil shaxs” sifatida qayd qildi. Bu haqda siyosatchining oʻzi Instagram tarmogʻidagi sahifasi orqali maʼlum qildi.

Navalniyning fikricha, bunday chora Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Gelenjikdagi saroyiga oid surishtiruv tufayli muxolifatchiga bosim oʻtkazish yoʻli sifatida qabul qilingan. Mahbus siyosatchi oʻzidan komissiya qarori bilan tanishganiga oid qogʻozni imzolash talab qilinganini bildirgan.

“Meni avval ham faqat qorovul hamrohligidagina emas, boshiga kaska kiyib, avtomat ushlagan maxsus topshiriq bajaruvchi xodimlar hamrohligida olib yurishardi. Endi kishanlab olib yurishsa kerak”, deb yozgan Navalniy oʻz postida.

Fevral oyida Moskvada sud Navalniyni firibgarlik aybloviga oid 2014-yili chiqqan hukm asosida ikki yilu sakkiz oyga koloniyaga yoʻllash haqida qaror qabul qilgan. 2017-yili Inson haqlari boʻyicha Yevropa sudi “Iv Roshe” ishi (mazkur ish yuzasidan muxolifatchi sudlangan) Navalniyning adolatli tekshiruv boʻyicha huquqini buzgani haqida qaror chiqargan. Unga tovon puli toʻlanishi kerak edi. Biroq Rossiya Oliy sudi hukmni qonuniy deb topib, uni bekor qilishdan bosh tortgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog