/

«Namanganliklar tartib-intizomni yaxshi ko‘radi» — Shavkat Mirziyoyev

1 daqiqada oʻqiladi

O‘zbekiston prezidenti Namangan shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida jurnalistlar savoliga javob berdi. U Namangan viloyatini boshqa hududlarga namuna sifatida ko‘rsatishining sabablariga to‘xtaldi.

Prezident doim Namangan viloyati hamda uning xalqi haqida o‘zgacha mehr bilan gapirishi va boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatishining sabablari haqidagi savolga quyidagicha savol berdi.

«Haqiqatan ko‘p uchrashuvlarda, har bir selektor yig‘ilishida Namanganni boshqa viloyatlarga ibrat qilib ko‘rasataman. Bu viloyat bilan Farg‘onani taqqoslab, tahlil qilib ko‘raylik. Farg‘onada neftni qayta ishlash zavodi, „Farg‘onaazot“ kabi katta-katta korxonalar bor. Namanganda-chi? Umuman yirik korxonalar yo‘q. Afsuski, 30 yil ichida bu viloyatda maqtashga arzigulik katta korxonalar qurmadik», — dedi prezident.

Prezident Namangan aholisini nega maqtashiga ham to‘xtaldi. «Namanganliklar tartib-intizomni yaxshi ko‘radi, ularda tadbirkorlik, birlashish, natijaga ishlash degan odat bor. Ish uslubi madaniyati juda yuqori. Oxirgi yillarda viloyat rahbarlari tadbirkorlarga davlat bergan imkoniyatlarni yetkazishda zamon talabiga munosib ishlayapti, tadbirkorlar ishongan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari boshqa viloyatlarda soliqning asosiy qismini yirik korxonalar bajarishini, Namanganda esa o‘rta va kichik biznes bu vazifani bajarishini ta’kidladi. «O‘tgan yili pandemiya paytida viloyatning yalpi ishlab chiqarishi 5 foizdan oshdi, sanoat ulushi 16 foiz bo‘ldi. Hech qaysi viloyatda bunday natija bo‘lgani yo‘q».

«Men albatta, Namangan xalqining mehnati, harakatlari va natijasiga qarab, ularni maqtayman, munosib rag‘batlantiraman va har doim ibrat sifatida ko‘rsataman», — dedi prezident.

Fikr bildirish

Latest from Blog