Namanganda kostyum ishlab chiqaradigan korxona ishga tushirildi

Namanganda yiliga 200 mingta kostyum ishlab chiqariladigan yangi korxona ishga tushirildi, deb xabar qildi Oʻzbekiston Hukumat portali matbuot-xizmati.

Foto: Fashion Wear Milano

Xabarga koʻra, 2009 yildan buyon tikuvchilik sanoati yoʻnalishida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, oʻz mahsulotlari bilan isteʼmol bozoridan mustahkam joy olgan «Tekstil libos» masʼuliyati cheklangan jamiyati kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlida yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, yana bir loyihani amalga oshirdi.

Ichki imkoniyatlar hisobidan 2 million dollar mablagʻ sarflangan mazkur loyihaga koʻra, yangi korxonada xorij texnologiyalari asosida kostyum ishlab chiqariladi. 300 dan ziyod zamonaviy tikuv mashinasi toʻla quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 200 ming eksportbop mahsulot tayyorlash imkoniyati yaratiladi.

«Iqtisodiyotimiz yuksalib, xalqimiz farovonligi oshib borayotgani isteʼmolchilarning har tomonlama sifatli liboslarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashni taqozo etmoqda, — deydi korxona rahbari A.Muhiddinov. — Shu bois asosiy eʼtiborni raqobatbardoshlikka qaratmoqdamizki, kelgusida mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki jahon bozorida ham xaridorgir boʻlsin. Buning uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud».

Ayni paytda 70 ishchi mehnat qilayotgan «Tekstil libos» masʼuliyati cheklangan jamiyatida yangi korxona ishga tushirilishi bilan yana 110 kishi doimiy daromad manbai bilan taʼminlanadigan boʻldi.

Korxonaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi X.Bozorov soʻzga chiqdi.

Latest from Blog