Foto: Darakchi

Namanganda dindorlarga qarshi qatagʻon boshlangani haqidagi xabarga munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Dindorlarga qarshi qatagʻon Namangan viloyatida davom etadi” izohi bilan xabar tarqaldi.

Mazkur xabarlar yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati eʼlon qilindi.

Maʼlum qilinishicha, 2021-yil 8-aprel kuni Yangiqoʻrgʻon tumanidagi XTBga qarashli 10-sonli maktab tomonidan tuman IIBga yuborilgan aloqa xatida, bayon qilinishicha, unga koʻra maktabda avvaliga 5 nafar, oxirgi kunlarda 10 nafar qizlar belgilangan tartibdagi maktab formasini kiyib yurish qoidalariga rioya qilmayotganliklari, ularga bir necha marotaba maktab formasida, lozim boʻlsa, oddiy roʻmol oʻrab kelishlari toʻgʻrisida tushuntirilganligi, biroq, ota-onalar ham, qizlar ham maktabning ichki tartib-qoidalariga rioya qilmayotganliklari maʼlum qilingan.

Tuman IIB HPB XQMB katta inspektori tomonidan 10-aprel kuni ushbu maktabda targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish maqsadida 9-10-11-sinflar oʻrtasida jinoyat sodir etilishini oldini olish yuzasidan muhokama yigʻilishi tashkil etilgan.

Muhokama davomida aloqa xatida koʻrsatilgan qizlar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgust kungi 666-sonli Qarorida “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomning 3-bobi (“Taʼlim muassasasi oʻquvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan taʼminlash va ularga qoʻyilgan talablar”)ga asosan, Oʻzbekistonda aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy oʻrta taʼlim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan oʻquvchilarning maktab formasiga turli din konfessiyalari hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qoʻshishga yoʻl qoʻyilmasligi haqida tushuntirilgan.

Suhbat yakunida oʻquvchi qizlarga roʻmol oʻrashlari mumkinligi, biroq, maktabga belgilangan tartibda kiyinib kelishlari tushuntirib oʻtilgan, deyiladi viloyat IIB Axborot xizmati xabarida.

Latest from Blog