Foto: Reuters

Myanma BMTdagi doimiy vakilini Bosh assambleyada davlat to‘ntarishini qoralashga chaqirganidan so‘ng o‘z lavozimidan chetlatdi

/

Myanma hukumati BMT Bosh assambleya yig‘ilishida mamlakatda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishini qoralashga chaqirganidan so‘ng tashkilotdagi doimiy vakili U Chjo Mo Tunni lavozimidan chetlatdi, deb xabar bermoqda The New York Times Myanma davlat televideniyesiga tayanib. U xiyonat va o‘z mansabini suiiste’mol qilishda ayblangan.

U Chjo Mo Tunning chiqishi 26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan. Myanmaning BMTdagi doimiy vakili o‘zini 1-fevraldagi harbiy to‘ntarish paytida hokimiyatdan chetlatilgan fuqarolik hukumati vakili ekanligini aytib, dunyo hamjamiyatini qat’iy choralar ko‘rishga chaqirgan.

Lavozimidan chetlatilishi yuzasidan Reuters’ga bergan izohida, “qo‘ldan kelgancha kurashishni davom ettirishga qaror qilganini” aytgan.

Myanma davlat OAVlari doimiy vakil “davlat vakili bo‘lmagan norasmiy tashkilot nomidan fikr bildirgani”ni ma’lum qildi. Reuters’ning yozishicha, BMT Myanmaning harbiy hukumatini mamlakat hukumati vakili deb hisoblamaydi, chunki tashkilot vakil o‘zgarganligi haqida rasmiy xabarnoma olmagan. Shu sababli U Chjo Mo Tun Myanmaning BMTdagi doimiy vakili sifatida qoladi.

Latest from Blog