Musulmonlar idorasi yana bir paygʻambarlik daʼvosidagi shaxsga munosabat bildirdi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini Malabek oʻgʻli Jamollidin, deb tanishtirgan shaxsning “Allohning vakili qilib yuborilgani, hamma uchun yagona din “Imon yoʻli dasturi” dinini targʻib qilish, bunga 35 yil tayyorgarlik koʻrgani, muayyan ibodatlar dasturi borligini” aljirab chiqqan videosi tarqaldi. Ushbu xabarlarga Musulmonlar idorasi munosabat bildirdi.

“Bu kabi holat birinchisi va oxirgisi ham emas, ahyon-ahyonda uchrab turishi tabiiy holdir. Bu borada Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vassallam: «…Kelajakda ummatimda oʻttizta kazzob boʻlur. Ularning har biri oʻzining nabiyligini daʼvo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi-tugatuvchisiman. Mendankeyinnabiykelmas», dedilar” (ImomTermiziyva Abu Dovudrivoyatlari).
“Kazzob” soʻzi arabcha soʻz boʻlib, “koʻp yolgʻon gapiruvchi”, “oʻta ketgan yolgʻonchi” maʼnolarini ifoda etadi. Demak, Nabiy alayhissalomdan keyin hech qanday paygʻambar yoki rasul chiqishi mumkin emas. Bordiyu, kimdir paygʻambarlik yo rasullikni daʼvo qilsa, u yolgʻonchi deya inkor etiladi va unga qarshi chiqiladi.
Maʼlumki, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rasul (elchi) va nabiylarning soʻnggisidirlar. Bu haqida Alloh taolo: “Muhammad sizlardan biron erkakning otasi boʻlgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning soʻnggisidir. Alloh har bir narsani oʻta bilguvchidir”, deya xitob qilgan («Ahzob» surasi, 40-oyat).
Ushbu oyatga koʻra, kimda-kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin yana paygʻambar yo rasul chiqadi deb aytsa, eʼtiqod qilsa, kofir boʻladi. Chunki u mazkur oyatni inkor qilgan va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng soʻnggi paygʻambar va rasul ekanini tan olmagan boʻladi.
Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilingan hadisi sharif matnida Paygʻambar alayhissalomning “Men bilan nabiylar tugatildi”, degan soʻzlarini eslab oʻtish ham maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shu oʻrinda,hurmatli bloger hamda faol internet foydalanuvchilariga din masalasidagi har qanday noodatiy holatni ommaga koʻrsatish hamisha ham toʻgʻri boʻlavermasligini taʼkidlamoqchimiz. Chunki, bu odamlarning eʼtiqodi bilan bogʻliq masala hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bunday xatti-harakatni qatʼiy qoralashini, ilmu maʼrifat rivojlangan bugungi davrda odamlarning vaqtlarini olib, bu kabi asossiz lavhalarni tarqatish hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmasligini hamda moʻmin-musulmonlarimizdan bu kabi shaxslarning soxta daʼvolariga chalgʻib qolmasliklarini soʻrab qolamiz”, deyiladi munosabatda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog