Murojatlarning yechimi buxoroliklarning ishonchini oshirmoqda

Joylarda aholi bilan muloqotlar qilib, fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish, ularni hal etishda mahalliy Kengash deputatlari, O‘zbekiston “Adolat” SDP faollaridan iborat ishchi guruh a’zolari o‘zining faolligini ko‘rsatib kelmoqda. Bu haqda Partiyaning Buxoro viloyat Kengashi matbuot kotibi Mohigul Abdullayeva «Korrespondent O‘zbekiston»ga xabar berdi.

Foto: “Adolat” SDP Buxoro viloyat Kengashi matbuot xizmati

Partiyaning “Adolat – qonun ustuvorligida” loyihasi doirasida ishchi guruh tomonidan haftaning har chorshanba kuni mahallalarda fuqarolar bilan o‘tkazilayotgan muloqotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Jumladan, partiyaning Kogon shahar Kengashi ishchi guruh a’zolari Kogon shahridagi “Bobur” MFYdagi “Qorovulbozor” shoh ko‘chasi fuqarolari bilan olib borgan muloqotlarida 13-b uy 25-xonadonda yashovchi fuqaro Nilufar Quliyevaning Buxoro Pedagogika kollejining to‘la kursini bitirganiligiga qaramasdan ishga joylasha olmayotganligini bildirdi. Bu masala yuzasidan Xalq deputatlari Kogon shahar kengashi deputati Dilfuza Ergashova Kogon shahar “Bandlikka ko‘maklashish markazi”ga o‘zining deputatlik so‘rovini kiritib, masalaning yechimini ijobiy hal etdi. Fuqaro Nilufar Quliyeva Kogon shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ishga joylashtirildi.

Yoki Romitan tuman Kengashi ishchi guruh a’zolari tumandagi “Qahramon” MFYdagi “Istiqlol” qishloq fuqarolari bilan uchrashuv jarayonlarida aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligi aniqlandi. Bu masala yuzasidan Xalq deputatlari Romitan tuman Kengashi deputati Davron Shukurov tuman “Suvoqava” birlashmasi boshlig‘iga o‘zining deputatlik so‘rovi bilan murojaat qilib masalaning yechimini hal qildi.

Muxtasar qilib aytganda, ishchi guruhlarning saylovchilar bilan olib borayotgan ochiq muloqotlari mavjud kamchilik va muammolarning hal etilishida mas’uliyat bilan yondashishlariga olib keladi. Albatta, har bir murojaat o‘z o‘rnida yechimini topsa fuqarolar ishonchi yanada ortadi. Zero, partiyaning nufuzini yanada oshirishda har bir hudud aholisining ishonchini qozonish eng muhim vazifadir.

Latest from Blog