Foto: Gazeta.uz

Muhtoj oilalar uy olish uchun dastlabki badalning faqat 5 foizini to‘laydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektorda 2021 yilda uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilinmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unda bu yili uy-joy qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga katta imtiyozlar berilishi ta’kidlandi. Jumladan, ipoteka krediti bo‘yicha 6 oylik imtiyozli davr kiritiladi. Shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushiriladi.

Past daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Ya’ni, aholi uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini to‘laydi, xolos. Kredit olgan aholi uchun foiz to‘lovlarining Toshkent shahrida 12 foizi, boshqa hududlarda 10 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi.

Misol uchun, qishloqlarda 54 kvadrat metrli kvartira (o‘rtacha 216 million so‘m) olmoqchi bo‘lgan oila 33 million so‘mlik dastlabki badalning faqat 11 million so‘mini to‘laydi, 22 million so‘mi byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bu oila imtiyozli davrda oyiga 1 million 500 ming so‘m kredit to‘lasa, qolgan 1 million 100 ming so‘mini har oy davlat qoplab beradi.

Shuningdek, quruvchi tashkilotlarga pandemiya davrida berilgan imtiyozlar joriy yil yakunigacha uzaytiriladi.

Jumladan, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quruvchi tashkilotlarga uy-joy qurish uchun jalb qilgan kreditlar bo‘yicha 20 milliard so‘mgacha kafillik hamda Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismiga kompensatsiya beriladi.

«Og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan 1 mingta oilalar, ayniqsa, ayollar ijtimoiy ijara asosida uy-joy bilan ta’minlanadi. Buning uchun hududlarga 1 mingta kvartira sotib olish uchun mablag‘ ajratiladi», — dedi prezident.

Davlat rahbari viloyat, tuman va shahar hokimlari joylardagi ahvoldan kelib chiqib, ijtimoiy ijarani kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rishi lozimligini ta’kidladi. Misol uchun, hozirgi kunda xususiy sektor tomonidan ehtiyojmand oilalarga berilayotgan uylarning ijara haqining 50 foiziga subsidiya berishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Yig‘ilishda foydalanilmayotgan yotoqxonalarni hokimiyatlar tomonidan ta’mirlab, ijtimoiy ijaraga bersa bo‘lishi aytildi.

Latest from Blog