Moskvadagi Palov festivalida oʻzbek oshi gʻolib chiqdi

/


Moskvada 1-aprel kuni VNDX bogʻida Navroʻz bayramiga bagʻishlangan tantanalar va Palov festivali boʻlib oʻtdi. Bu haqda Sputnik nashri xabar qilmoqda.

“Moskva Navroʻzi” deb nom olgan tadbirning birinchi qismi VNDX bogʻidagi 75-pavilonda boʻlib oʻtdi. Undan Navroʻzni milliy bayram sifatida nishonlaydigan bir necha mamlakatlar va xalqlar stendlari namoyish edildi.  Ular orasida Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Eron, va Tatariston, Boshqirdiston kabi bir necha  viloyat va oʻlkalar stendlari ham bor edi.

Tadbirga kelgan moskvaliklar va mehmonlarga har bir mamlakat urf-odatlari, noz-neʼmatlari, milliy liboslari namoyish etildi. Shuningdek, milliy musiqa va raqslar ham ijro etildi.

Tadbirning ikkinchi qismi ochiq havoda boʻlib oʻtdi. “Kult plova” (Palov madaniyati) deb nomlangan palov festivalida 9 mamlakat oshpazlari oʻz milliy retseptlariga koʻra 100 kilolik doshqozonlarda palov  pishirishdi. Pishirilgan oshlarni taniqli oshpaz va mashhur kishilardan iborat xalqaro jyuri aʼzolari baholashdi.

Oʻzbekiston, Tojikiston, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Qurdiston oshpazlari tanlov shartiga koʻra tomoshabinlarga oʻz taomlarini taqdim etishdi.

Oshni tatib koʻrishni istagan mehmonlardan ulkan navbatlar paydo boʻldi. Har bir mamlakat oshpazlari oʻz taomlarini imkon qadar chiroyliroq bezatishga harakat qilishdi.

Jyuri aʼzolari oʻta jiddiy tanlovdan keyin birinchi oʻrinni oʻzbek paloviga, ikkinchi oʻrinni Qurdiston oshiga va uchinchi oʻrinni Tojikiston oshiga berishdi. Qirgʻiziston oshi esa tomoshabinlar maqtovi sovrinini oldi. Shu kun 900 kg palovdan bir dona guruch ham qolmadi.

Latest from Blog