Foto: Moskva meri va hukumati matbuot xizmati

Moskvada migrantlarni emlash punkti ochildi

/

Rossiya poytaxti Moskva shahrida migrantlarni COVID-19 ga qarshi emlash jarayonlari boshlandi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi.

Maʼlumotga koʻra, migrantlarni emlash Rossiya isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish boʻyicha federal xizmatining buyrugʻida koʻrsatilgan sohalarga tegishli ish beruvchilarning talabnomasiga binoan amalga oshiriladi.

Hozirda migrantlar “Sputnik Layt” vaksinasi bilan emlanmoqda.

Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqotlar markazi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur vaksinaning bir dozasi narxi 1300 rublni tashkil qiladi.

Vaksina uchun toʻlov ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Tashrif buyuruvchilar avval shifokor tomonidan tekshiriladi va qoʻllash mumkin boʻlmagan holatlar aniqlanmasa, emlanadi.

Xabarga koʻra, emlash punktlarida barcha epidemiologik xavfsizlik qoidalariga rioya qilinadi: maxsus belgilar qoʻyilib, vaksinalarni saqlash uchun muzlatgichlar oʻrnatilgan. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar oqimini ajratish taʼminlanishi koʻzda tutilgan. Vaksinatsiya jarayonlari soat 09:00 dan 21:00 gacha olib boriladi.

Avvalroq, Rossiya poytaxtidagi kafe va restoranlarga faqat maxsus QR-kod taqdim etilgandan keyingina tashrif buyurish mumkinligi haqida xabar bergan edik. Kod koronavirusga qarshi toʻliq emlanganlar, kafega kelishdan avval, yarim yil ichida COVID-19 bilan kasallanganlar yoki uch kundan kechiktirmay PSR testining manfiy natijasini olganlarga beriladi.

Latest from Blog