Mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimidan noqonuniy roʻyxatdan oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh fosh etildi

Soʻnggi vaqtlarda mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzuga aylandi. Mazkur masala yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasi maʼlumot berdi.

Uz IMEI
time.kz

Gap shundaki, xorijdan kelgan koʻplab fuqarolar oʻzlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini roʻyxatdan oʻtkazishmoqchi boʻlganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar Uz IMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtganligi koʻplab noroziliklarga sabab boʻlayotgan edi.

“Ushbu muammoli masala yuzasidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar qatorida Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan ham bir qator choralar amalga oshirildi.

Xususan, Davlat bojxona qoʻmitasining 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali mazkur masala yuzasidan fuqarolarning murojaatlari koʻrib chiqilishi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida roʻyxatdan oʻtmagan mobil qurilmalarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yoʻllar bilan roʻyxatga qoʻyish, shaxslarga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻib, saqlab, ulardan gʻarazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan oʻzaro jinoiy rejaga koʻra qoʻshni davlatlarga oʻtishib, u yerda Oʻzbekistonga kirib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport maʼlumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, “Telegram” ijtimoiy tarmogʻi orqali yuborib, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga roʻyxatdan oʻtkazish bilan shugʻullanib kelishgan.

Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi koʻzdan kechirilganida, telefon xotirasida Oʻzbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport maʼlumotlarni yigʻib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSH dollardan haq olganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasining 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov organiga yuborildi.

Shu oʻrinda eslatib oʻtish lozimki, shaxsga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish yoki tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan” deyiladi DBQ xabarida.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog