Mobil qurilmalarni IMEI kodlarini roʻyxatga olish yuzasidan bayonot berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mobil qurilmalarni IMEI kodlarini roʻyxatga olish yuzasidan bayonot berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI kodlarini roʻyxatga olish tizimi joriy etilgan. Bu tizim dunyoning koʻp mamlakatlarida amaliyotda qoʻllanib kelinmoqda. Maqsad maʼlum, isteʼmolchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarning kirib kelishi hamda uning noqonuniy savdosining oldini olishdir.

Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi belgilangan boʻlib, unga asosan jismoniy shaxslar uchun roʻyxatdan oʻtkazishni onlayn (veb-sayt, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, masofaviy SMS/USSD-soʻrovlar) yoki roʻyxatdan oʻtkazish punktlariga shaxsan murojaat qilish orqali amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun pasport maʼlumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishlari talab qilinadi.

Roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan oʻrnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport maʼlumotlariga asosan fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshiriladi.

Shu maqsadda Tizim operatori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvini yoʻlga qoʻygan. Biroq, roʻyxatdan oʻtkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxs bilan Tizim operatori oʻrtasida bevosita kontakt boʻlmasligi sababli fuqarolarning pasport maʼlumotlarini aynan shu shaxsning oʻzi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni boʻlmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport maʼlumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish hollari kuzatilmoqda.

Uchinchi shaxslarning pasport maʼlumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda respublikamiz hududiga olib kirgan mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida Tizim operatori huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Respublika hududida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi 847-sonli qarorining 2-bandida “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini roʻyxatga olish va qoʻllash, ushbu yoʻnalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish boʻyicha vakolatli organ” deb belgilangan.

Shu asosda “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi — Tizim operatori Jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun shaxsning pasport maʼlumotlari, uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishini kamaytirish uchun mobil qurilmalarni uchinchi shaxslarning shaxsiy maʼlumotlaridan (pasport maʼlumotlari va telefon raqamidan) foydalanish orqali roʻyxatdan oʻtkazish holatlarining oldini olish maqsadida mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʼtkazish jarayoniga qoʻshimcha tekshiruv algoritmi kiritildi. Yaʼni, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.

Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqi va Yevropa intellektual mulk agentligi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasiga koʻra, ayni paytda noqonuniy uyali aloqa vositalari savdosi dunyo bozorida salmoqli miqdorni tashkil qiladi. Achinarlisi, koʻpincha bundan oddiy isteʼmolchi zarar koʻrish holatlari judayam koʻp.

Yuqorida taʼkidlanganidek, dunyodagi koʻplab mamlakatlarda (Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, AQSH, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa davlatlar) noqonuniy, oʻgʻirlangan va qalbaki uyali aloqa vositalari savdosining oldini olish, telekommunikatsiyalar sohasiga yoʻnaltiriladigan investitsiyalar oqimini koʻpaytirish maqsadida uyali aloqa telefonlarining IMEI raqamlarini roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy qilingan.

2019-yilning 1-yanvaridan 15-sentyabrgacha respublikamiz hududiga 58,8 ming dona mobil qurilma importi amalga oshirilgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida mobil qurilmalarning import xajmi 7,7 barobarga oshgan.

Aholi va jamoatchilik orasida mobil telefonlarni roʻyxatdan oʻtkazish tizimini boʻyicha koʻpincha aholini chalgʻituvchi talqinlar ham mavjud va kuzatilmoqda. Shu yerda bir qator maʼlumotlarni keltirib oʻtishimiz mumkin. Bugungi kunda mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish tizimi orqali 47,14 mln. dan ziyod IMEI kodlar roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Jumladan:

2019-yil 1-apreldan 2019-yil 1-noyabrgacha – 42,61 mln. IMEI-kodlari avtomatik tarzda;

2019-yil 1-noyabrdan 1-dekabrgacha – 1,47 mln. ta IMEI-kodlari bepul ravishda operatorga murojaat etish orqali;

2020-yilning 1-yanvaridan 15-sentyabrgacha – 3,06 mln. IMEI-kodlar pullik asosda: shundan 691,1 ming dona import qiluvchilar (22,5 foiz), 51,5 ming dona mahalliy ishlab chiqaruvchilar (1,7 foiz), 2,323 mln. dona jismoniy shaxslar (75,8 foiz) tizimda roʻyxatdan oʻtkazildi.

Mobil qurilmalarni identifikatsiya kodlari boʻyicha roʻyxatga olish tizimi amaliyotga joriy etilgandan soʻng 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 15-sentyabrga qadar mobil qurilmalarning import hajmi 911 882 donani (47,3 mln. dollar) tashkil etdi.

Mobil qurilmalar asosan Xitoy, Vyetnam, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va Qozogʻiston davlatlaridan import qilingan boʻlib, import qiluvchilar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 41 taga yoki 2,7 barobarga oshgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog