Moʻynoq aeroportiga 30 yillik tanaffusdan soʻng samolyot qoʻndi

3-darajali “Moʻynoq” aeroporti taʼmirlanishiga qadar faqat An-2, An-24 va Yak-40 kabi kichik samolyotlar hamda barcha turdagi vertolyotlarni qabul qilgan. Bu haqda “Yangi Oʻzbekiston” nashri xabar berdi.

1-reys
kun.uz

2019-yilda qariyb 30 yildan buyon foydalanilib kelinmayotgan, yillar davomida qarovsiz qolib, butunlay yaroqsiz holatga kelgan Moʻynoq aeroportini qayta qurish ishlari boshlandi. Dastlab “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aeroportning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyihaga asosan 167,4 gektar hududga ega aeroportda 2019-yilning dastlabki oylarida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining Kapital qurilish direksiyasi, “Qoʻngʻirot mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasi hamda “Shuraxon qurilish montaj” masʼuliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari va ishchi-xodimlari tomonidan 50 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan “VIP” terminali qurilishi boshlandi.

Shuningdek, aeroport atrofini metall konstruksiyalar bilan oʻrash ishlari ham olib borildi. Ushbu bunyodkorlik ishlariga qariyb 100 nafardan ortiq temiryoʻlchilar hamda oʻnga yaqin texnikalar jalb etildi. Moʻynoq aeroportini yangitdan qurib, foydalanishga topshirish avvalo, ushbu tuman transport infrastrukturasini rivojlanishi uchun qolaversa, tumanda yashayotgan 30 mingdan ortiq aholi uchun juda zarur edi.

Endilikda Moʻynoq markaziga havo kemasi orqali nafaqat respublikamiz poytaxti va boshqa viloyatlardan keladigan yoʻlovchilar, balki xorijlik turistlarning ham kelib ketishi uchun ham xalqaro talablarga mos sharoit yaratildi. Mazkur aeroport Orol dengizini koʻrish maqsadida kelgan sayyohlar uchun katta qulaylik boʻldi. Bu yerda olib borilayotgan qurilish ishlari toʻliq yakuniga yetib, unga koʻra 50 oʻringa moʻljallangan “VIP” terminali binosi qurib bitkazildi. Ushbu 1 qavatli bino oʻlchami 36 metrga 36 metr boʻlib, umumiy balandligi 8,6 metrdan iborat. Aeroportning uchish-qoʻnish va harakatlanish yoʻlaklari uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi.

Terminal binosining tashqi va ichki qismi milliy meʼmorchilik asosida pardozlandi. Moʻynoq tumanining kontinental ob-havosidan kelib chiqib, binoning ichki qismida yozda salqin, qishda issiq harorat saqlanishi taʼminlanadi. Majmuaning kirish va ichki qismida mahalliy yoʻlovchilar va xorijlik turistlar uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Hududga signal chiroqlari va radiolokatsiya uskunalari ham oʻrnatildi. Taʼkidlash lozimki, 1947-yilda barpo etilgan 3-darajali “Moʻynoq” aeroporti taʼmirlanishiga qadar faqat An-2, An-24 va Yak-40 kabi kichik samolyotlar hamda barcha turdagi vertolyotlar qabul qilinib, 1960-yillardan 1990-yillarning boshlarigacha Qoʻngʻirot, Nukus, Urganch, Taxtakoʻpir, Qozoqdaryo, Aspantay, Tulei aholi punktlari bilan kuniga 19 tagacha yoʻlovchi reyslari amalga oshirilgan. Toshkentdan ham haftasiga 3-marta samolyot qatnagan.

Yangi qurilgan aeroportga esa ilk marta salkam 30 yillik tanaffusdan soʻng “Uzbekistan Airways” kompaniyasi tomonidan Airbus A-320 samolyoti kelib qoʻndi. Sinov tariqasida amalga oshirilgan “Urganch – Moʻynoq” yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchilarni olib kelgan samolyot reysi muvaffaqiyatli qoʻnib, uchdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog