Foto: tvpirveli.ge

Mixail Saakashvili Gruziyada qoʻlga olindi

/

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixaila Saakashvili ushlandi va qamoqqa olindi. Bu haqda RIA Novosti Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashviliga tayanib xabar qildi.

“Huquqni muhofaza qiluvchilarimizda uning Ukrainadan boshlab Gruziyaga qadar harakatlanishi haqida dastlabki maʼlumot bor edi”, — deya maʼlum qildi hukumat rahbari.

TV Pirveli telekanali maʼlumotlariga koʻra, siyosatchini Tbilisidagi uylardan birida qoʻlga olishgan. Hozirda Mixail Saakashvili Tbilisidan bir necha oʻn kilometr masofadagi Rustavi shahridagi qamoqxonada.

Hibsga olishdan oldin sobiq prezident oʻz Facebook sahifasida ushlashlariga yoʻl qoʻyib bergani aks etgan videoyozuvni eʼlon qildi va 2-oktyabrda Gruziyada boʻlib oʻtadigan munitsipal saylovlarda ishtirok etishga chaqirdi. “Ovoz bering, uchinchi kuni hammamiz birgalikda gʻalabani nishonlaymiz. Men sizga yordam berish uchun keldim, boshqa ilojimiz yoʻq edi. Men hech narsadan qoʻrqmayman va sizni ham qoʻrqmaslikka chaqiraman”, — deb yozdi Saakashvili.

Mixail Saakashvili 2004 yildan 2013 yilgacha Gruziya prezidenti boʻlgan va oʻz vakolat muddati tugashidan biroz oldin mamlakatni tark etgan. Shundan soʻng unga nisbatan toʻrtta jinoiy ish qoʻzgʻatilgan, ulardan ikkitasiga sud hukmi chiqarilgan. 2018 yilda bankir Sandro Girgvlianining oʻldirilishi va deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi boʻyicha Saakashvili sirtdan sud qilindi. Birinchisida u uch yilga, ikkinchisida olti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2020 yildan beri Mixail Saakashvili Ukraina islohotlar qoʻmitasini boshqarib kelmoqda; bir yil oldin prezident Vladimir Zelenskiy unga Ukraina fuqaroligini qaytarib berdi. Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov mamlakat rahbari “Gruziyada eshitiladigan bunday yangiliklar va bayonotlar ohangidan” xavotirda ekanini qayd etib, konsullar Saakashviliga “barcha kerakli yordam”ni koʻrsatishga harakat qilayotganini qoʻshimcha qildi.

Latest from Blog