Mirziyoyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Bayram Annameredovni qabul qildi.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yili mart oyidagi Turkmanistonga davlat tashrifi, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqotlari O‘zbekiston — Turkmaniston hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarib, uni sifat jihatidan yangi amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalaridagi keng miqyosli hamkorlik istiqbollari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

2017-yilda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil qildi. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish ko‘rsatkichlari ham oshib bormoqda.

Turkmanobod — Farob yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ishga tushirilishi hamda yuklarning temir yo‘l tranzitida o‘zaro chegirmalar taqdim etilishi yuk tashish hajmi va ikki mamlakat tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Chegaraoldi mintaqalar o‘rtasidagi aloqalar, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik faollashayapti.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Annameredov Turkmaniston tomoni keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.

Latest from Blog