Mirziyoyev toshkentlik maktab oʻquvchisiga Macbook sovgʻa qildi

Oʻzbekiston prezidenti toshkentlik 11 yoshli Javohir Sindorovga Macbook sovgʻa qildi.

Foto: Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati

Javohirga prezident sovgʻasi uning shaxmat olamidagi muvaffaqiyatlari munosabati bilan topshirildi – u yaqinda xalqaro shaxmat ustasi unvonini oldi. Hozirda Javohir 2005-yilda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida jahon reytingida ikkinchi oʻrinni egallab turibdi.

Javohir toʻrt yarim yoshidan buyon shaxmat bilan shugʻullanib keladi. U 2012-yil Hindistonda maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oltin va kumush medallarga sazovor boʻldi, 2013-yil Eronda shaxmat boʻyicha 18 yoshgacha oʻgʻil-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Bir yildan soʻng u maktab oʻquvchilari oʻrtasida shaxmatning rapid va blits yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida biryoʻla ikkita oltin medalni qoʻlga kiritdi. Braziliyada maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan shaxmat boʻyicha jahon chempionatida ham oltin medal qoʻlga kiritildi. 2015-yil Tailandda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida yana shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

Oʻtgan yili u Rossiyada oʻtkazilgan maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi jahon chempionatida kumush medal bilan taqdirlandi, 2017-yilda esa 8-18 yoshgacha oʻgʻil-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida ikkita oltin medalni qoʻlga kiritdi.

Latest from Blog