Mirziyoyev sentabrda BMT Bosh Assambleyasida chiqish qiladi

Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida chiqish qiladi. Bu haqda BMT shtab-kvartirasi tarqatgan tadbir dasturida aytilgan.

Foto: president.uz

Bu AQSh prezidenti Donald Tramp kabi Oʻzbekiston yetakchisi uchun ham BMTdagi ilk chiqish boʻladi. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi 19-25-sentabr kunlari boʻlib oʻtadi.

19-sentabr kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va sessiya raisi Miroslav Laychakning chiqishlari orqali munozaralarga start beriladi.

Shu kuni assambleya minbariga Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov ham chiqadi. Armaniston, Afgʻoniston, Braziliya, Isroil, Polsha va Fransiya rahbarlari ham chiqish qilishlari rejalashtirilgan.

Bosh Assambleyaning soʻnggi kunida KXDR va Suriya tashqi ishlar vazirlari chiqishlari kutilmoqda.

Latest from Blog