Shavkat Mirziyoyev «Oʻzavtosanoat»ning Andijondagi loyihalari boʻyicha tavsiyalar berdi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Bugun davlat rahbari Andijon shahridagi eski «Andijonmash» aktsiyadorlik jamiyatida boʻldi. Bu yerda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kichik sanoat zonasi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezidentning rasmiy veb-sahifasida xabar qilindi.

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy sayti

Boʻsh turgan yer maydoni 19,16 gektar boʻlgan mazkur hududda tashkil qilinadigan sanoat zonasida yengil sanoat, elektrokabel, charm-poyabzal mahsulotlari, eshik-rom, mebel, dori-darmon, plastmassa va qurilish materiallari ishlab chiqariladi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari qayta ishlanadi. 2 ming yangi ish oʻrni ochiladi.

Sanoat zonasida tadbirkorlar va tijorat banklari tomonidan 127 milliard soʻmlik 15 loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

«Engelberg Group» MChJning yangi fabrikasi ana shu loyihalardan biri. Alyumin profilli romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona Turkiya va Germaniyadan keltiriladigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi. «Rohat savdo servis» MChJ tomonidan suspenziyalar, tibbiy mazlar, ampulalar, sirop va tabletkalar ishlab chiqariladi.

Prezidentga viloyatdagi xususiylashtirilgan va boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Bu borada shahar va tumanlarda qoʻshimcha xatlov ishlari olib borilmoqda. Shu kunga qadar 5 ming 697 bino-inshoot xatlovdan oʻtkazildi, ularning 283 tasi boʻsh turganligi aniqlangan. Shulardan 210 tasida yangi loyihalar amalga oshirish rejalashtirilgan.

Prezidentga taqdim qilingan loyihalar kichik va yirik GESlar qurish, gaz taʼminoti tizimini takomillashtirish, sement va ohak ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarga moʻljallangan.

Buloqboshi tumanida Xitoy texnologiyasi asosida yiliga 21 ming tonna kimyoviy choʻktirilgan boʻr mahsuloti ishlab chiqarishga moʻljallangan loyiha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Mahsulot toʻliq mahalliy xomashyo — ohaktoshdan olinadi. Korxona ishga tushgach, chet eldan sotib olinayotgan shu turdagi mahsulotga boʻlgan talab qondiriladi, uni eksport qilish yoʻlga qoʻyiladi.

Davlat rahbari loyiha tashabbuskorlari — tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Shavkat Mirziyoyev «Oʻzfarmsanoat» kompaniyasi va tijorat banklari tomonidan 2017-2018-yillarga moʻljallangan farmatevtika sohasini rivojlantirish dasturi loyihasiga alohida eʼtibor qaratdi.

«Trastbank» tomonidan Andijon tumanida «Zamin Bio Health» jamiyatida yillik quvvati 10 million flakon insulin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyiha amalga oshirilgach, 100 kishi ish bilan taʼminlanadi.

«Oʻzeltexsanoat» aktsiyadorlik kompaniyasi va tijorat banklari tomonidan 2017-2018-yillarga moʻljallangan mazkur sohani rivojlantirish dasturi loyihasi taqdimoti yaratiladigan ish oʻrinlarining koʻpligi bilan eʼtiborni tortdi.

Prezident «Oʻzavtosanoat» aktsiyadorlik kompaniyasi Andijon viloyatida amalga oshirishni rejalashtirgan loyihalar bilan tanishdi.

Bunda yengil avtomobillarning yangi modellarini ishlab chiqarish, uskuna va jihozlarni modernizatsiya qilish, yengil avtomobillar qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yangi modeldagi avtomobillar uchun interyer, shtamplangan, payvandlangan panellar, radiator, konditsioner tizimlari, oʻrindiqlar, ovoz soʻndirgich tizimi qismlari, gaz chiqarish tizimlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev loyihalarni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar