Shavkat Mirziyoyev metan narxini arzonlashtirish boʻyicha koʻrsatma berdi

Kuni kecha Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrif uyushtirgan edi. Oʻz safari davomida prezident Qoʻqon shahrida ham boʻldi, deb xabar qildi Oʻzbekiston hukumat portali.

Xalqimiz farovonligi yuksalgani sari mamlakatimizda transport vositalari koʻpayib bormoqda. Ularning yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida siqilgan va suyultirilgan gaz ballonlar ishlab chiqarish kengaytirilmoqda.

“Shaffof metan sanoat” MCHJ tomonidan Qoʻqon shahrida shu yoʻnalishdagi zamonaviy korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun eski “Qoʻqonmash” zavodining boʻsh turgan binolarida zamonaviy texnologiya oʻrnatiladi. Yiliga 100 ming dona gaz balloni ishlab chiqarish va avtotransport vositalariga oʻrnatish yoʻlga qoʻyiladi. Korxonada 30 ish oʻrni yaratiladi.

Davlat rahbari ushbu mahsulotlarga boʻlgan talab bilan qiziqdi. “Gaz bilan yuradigan transport vositalari koʻpaysa, benzin va dizel yoqilgʻisiga talab kamayadi. Natijada sohadagi xizmatlar arzonlashadi, imkoniyatlar kengayadi”, dedi Mirziyoyev.

Mahsulot tannarxini arzonlashtirish, ishlab chiqarishni ikki barobar oshirish, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi, deb taʼkidlandi xabarda.

Latest from Blog