Mirziyoyev kardiolog Alyaviga davlat mukofotini topshirdi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi loyiha ilmiy rahbari Anis Lutfullayevich Alyavi «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi, deb xabar qildi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati.

Foto: www.minzdrav.uz

Anis Alyaviga ushbu unvon Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimidagi koʻp yillik samarali va fidokorona mehnati, mamlakatda tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga qoʻshgan munosib hissasi, sohaga oid islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi katta xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan taqdim etildi.

Anis Lutfullayevich Alyavi — taniqli fan arbobi, terapevt, kardiolog, tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston terapevtlar assotsiatsiyasining raisi. U yuqori malakali klinitsist, iqtidorli olim, isteʼdodli pedagog va mohir tashkilotchi sifatida terapiya va kardiologiya sohasining mamlakatimizdagi rivoji uchun munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Alyavi rahbarligida 22 nafar fan doktori, 52 nafar fan nomzodi yetishib chiqqan.

Professor A.Alyavi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida boʻlim xodimlari bilan birgalikda oʻtkir miokard infarktini tashxislash, davolash yoʻllarini takomillashtirish boʻyicha koronaroangiografiya va agioplastika usullarini keng yoʻlga qoʻygan.

«Bugun hayotimda eng quvonchli, eng hayajonli kun. Men va men orqali barcha tibbiyot xodimlariga boʻlgan yuksak eʼtibori, beqiyos extiromi uchun, avvalo, davlatimiz rahbariga rahmat aytmoqchiman. Yurtimiz shifokorlari nomidan tibbiyot sohasi rivojiga, qolaversa, xalqimiz salomatligini mustahkamlash yoʻlidagi kamtarona mehnatimizga katta baho berib, doimiy gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Bu juda nufuzli unvon. Uni nafaqat menga, butun yurtimiz shifokorlarining mehnatiga berilgan mukofot, deb bilaman», — degan mukofotlangan Alyavi.

Latest from Blog