Minskdagi namoyishda 63 ming kishi to‘plandi

Belarus poytaxti Minsk yana namoyishlarga “mezbonlik qildi”. Bu safargi namoyishlar 9 avgustda boʻladigan prezidentlik saylovlarida amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoga yagona muxoliflik qilayotgan Svetlana Tixanovskayani qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil qilindi. “Bahor” (Vesna) huquqni himoya qilish markazi maʼlumotlariga koʻra, unda 63 ming kishi ishtirok etgan.

korrespondent 25
Foto: thisminsk / Vk

Mahalliy Tut.by nashri xabariga koʻra, “Xalqlar doʻstligi” bogʻida “tashviqot piketi” qatnashchilari toʻplanishdi. Aksiya konsert shaklida boʻlib, soat 18:00 da boshlandi, ammo baʼzi ishtirokchilar oldinroq kelishdi.

“Bizning kuzatuvchilarga koʻra, mitingda kamida 63 ming kishi qatnashgan”, deyiladi xabarda.

Miting oʻtkazilgan joyda mobil aloqa bilan bogʻliq jiddiy muammolar kuzatilgan. Tadbirda qamoqda saqlanayotgan Viktor Babariko va uning oʻgʻli Eduard, Pavel Severins, Nikolay Statkevich, Dmitriy Furmanov, shuningdek Rossiyaga qochib ketgan Valeriy Sepkalolar nomidan soʻzlar aytildi. Bundan tashqari, dramaturg va ssenariy muallifi Andrey Kureychik tomoshabinlarga murojaat qildi. U hamma “Vataniga, farzandlariga va oilalariga boʻlgan muhabbat tufayli“ Xalqlar doʻstligi maydoniga toʻplanganini aytdi. “Sevgi bizni ovoz berishga, divandan turishga va hamma narsani qilishga majbur qiladi. Svetlana Tixanovskaya ham Sergey Tixanovskiyga boʻlgan muhabbati tufayli shu yerda”, — deya qoʻshimcha qildi Kureychik.

Tixanovskayaning oʻzi tadbirga taxminan soat 20:00 da keldi va sahnaga chiqdi. Avval miting ishtirokchilariga belarus tilida, keyin esa rus tilida murojaat qildi:

“Aytmoqchimanki, erim odamlarning koʻzlarini ochdi va oʻzgarishga umid qildi. U ikki oydan beri qamoqda. Menga hokimiyat kerak emas, lekin erim panjara ortida. Men bolalarni yashirishim kerak edi. Men chidashdan charchadim, jim boʻlishdan charchadim, qoʻrqishdan charchadim ”, — dedi nomzod.

Tixanovskayaning soʻzlariga koʻra, Belarus hukumati byudjet mablagʻlarini “muz saroylari, slavyan bozorlari” ga sarflamoqda, ammo ular oddiy odamlar va kasal bolalar uchun yetarli emas. “Nima uchun bizning farovonligimiz uchun pul faqat hokimiyat xohlagan narsaga beriladi, va keksa odamlar magistrallarda va oʻtish joylarida rezavor mevalarni va paypoqlarni sotishga majbur boʻladimi?“ — deb soʻradi u.

Prezidentlikka nomzod uning siyosatda hokimiyat uchun emas, adolat yoʻlida boʻlganini qayd etdi. “Biz jamoalarni umumiy maqsad — yangi Belarusni qurish uchun birlashtirdik. Ammo biz sizsiz buni qila olmaymiz. Saylovga keling ”, deya qoʻshimcha qildi u.

Tixanovskaya agar u prezident boʻlsa, uchta narsani amalga oshirishga vaʼda berdi: siyosiy va iqtisodiy mahbuslarni ozod qilish, 1994 yil Konstitutsiyasini qaytarish boʻyicha referendum oʻtkazish va odamlar oʻzlari kimga ovoz berishni tanlashlari uchun olti oy ichida barcha muqobil nomzodlar ishtirokida yangi prezident saylovlarini oʻtkazish.

Tadbir soat 22:00 atrofida yakunlandi. Soʻnggi maʼruzachining nutqidan soʻng ishtirokchilar tarqalishni boshladilar, keyin xavfsizlik kuchlarining avtoulovlari va avtobuslari koʻrindi. Hibsga olinganlar haqida xabar berilmagan.

Joriy yilning 9 avgust kuni Belarutsia prezident saylovlari boʻlib oʻtadi. Markaziy saylov komissiyasi besh kishini prezidentlikka nomzod sifatida roʻyxatga olishga qaror qildi: Andrey Dmitriyev, Anna Kanopatskaya, Aleksandr Lukashenko, Svetlana Tixanovskaya, Sergey Cherechen. Amaldagi prezidentning asosiy raqiblari deb hisoblangan ikki nomzod (Babariko va Sepkalo) roʻyxatga olinmadi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog