MIBning Toshkent viloyati boshqarmasi qarzdorlardan 600 mlrd so‘m undirdi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi tashkil etilganidan buyon 600 milliard so‘mlik undiruvlarni amalga oshirdi.

Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

8-avgust kuni Toshkent viloyatida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi hududiy bo‘linmalari boshliqlariga idoraning logotipi aks etgan yangi xizmat avtomashinalari topshirildi.

Viloyat prokuraturasi tomonidan, shuningdek, byuroning davlat nazoratchilariga xizmat mopedlarining kalitlari ham topshirildi.

Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Shukrullo Boboyev, viloyat prokurori Jamshid Fayziyev, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Qodirov va boshqalar qatnashgan.

“Byuroning moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash idora va uning xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan”, — deyiladi viloyat prokuraturasi axborotida.

 

Latest from Blog