“Mendirman Jaloliddin” serialiga 7 million AQSH dollari sarflanishi maʼlum qilindi

Turkiyada surʼatga olinayotgan “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialining montaj jarayonlari yakunlanmoqda, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi.

Mendirman Jaloliddin
Madaniyat vazirligi

Madaniyat vaziri Turkiyaga safari chogʻida kinoijodkorlari bilan suhbatlashib, jarayonni koʻzdan kechirdi.

Xabarda aytilishicha, tasvirga olish jarayonlari uchun 50 gektar yer maydonida pavilion oʻrnatilgan boʻlib filmda ishtirok etish uchun mingdan ortiq ijodkor jalb etilgan. Bugungi kunda asosiy rollarni mahorat bilan ijro etayotgan aktyorlarimiz ot minish va qilichbozlik boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtishgan. Shu bilan birga turk tilini mukammal oʻrganib tarix fani boʻyicha ham bilimlarini boyitishdi. Filmning asosiy qahramonlari Sulton Jaloliddin Manguberdi, Sulton Alovuddin, Temur Malik, Turkon xotun, Chingizxon va uning bolalari obrazlari ustida mukammal ishlandi. Har bir aktyorga oʻsha davr ruhiyatiga mos ravishdagi liboslar tikildi.

“Dunyo miqyosidagi katta loyihaga qoʻl urganimni chuqur his qilyapman, deydi film rejissori Mehmet Boʻzdagʻ. Loyihani amalga oshirish oson emas. Juda katta tayyorgarlik va mahorat kerak. Ammo men Jaloliddin tarixini yaxshi bilar edim. Biroq faqat mening bilimim yetarli emas, jamoa, ssenariy muallifi, liboslar dizayneri, tasvirchi, rejissorlar ham xabardor boʻlishi muhim edi. Shu sababli ham suratga olish ishlaridan avval ijodkorlarning barchasini Manguberdi tarixini chuqur oʻrganishga undadim. Menga oʻzbek aktyorlarining mahoratiga qanday baho berasiz deb koʻp bora savollar yoʻllashdi. Shuni ayta olamanki, ular endi dunyo miqyosidagi filmlarda ham rol oʻynashga tayyor. Shaxsan oʻzim keyingi filmlarimga ham aynan oʻzbek aktyorlarini jalb etmoqchiman, chunki keyingi serialimiz Mirzo Ulugʻbek haqida boʻladi”- dedi Boʻzdagʻ.

Vazirlik ma`lumotida aytilishicha, Madaniyat vazirligi buyurtmasiga asosan suratga olinayotgan “Mendirman Jaloliddin” seriali Oʻzbekiston tomonidan “Best organiser” MCHJ va Turkiyaning “Bozdagʻ film” kinokompaniyasi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga binoan “Orient Finans Bank” tijorat banki homiyligi asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur serialga 7 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflanmoqda.

Oktabr oyining ikkinchi yarmida “Bozdagʻ film” kinokompaniyasi rahbari Mehmet Boʻzdagʻning Oʻzbekistonga tashrifi kutilmoqda. Tashrif doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etish rejalashtirilgan. “Mendirman Jaloliddin” serialini 2021-yilning yanvar oyida katta ekranlarga chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog