Foto: i.kar7 / Instagram

“Men u bilan koʻrishganimda hammasi yaxshi edi”. Ombudsman — Gulnora Karimovaning ahvoli haqida

/

8-oktyabr kuni Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) Feruza Eshmatova jurnalistlar bilan muloqot davomida Oʻzbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova atrofidagi gap-soʻzlarga ham izoh berdi, deb xabar qildi “Gazeta.uz”.

Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda 200 dan ortiq jazoni ijro etish muassasalari mavjud va ombudsman ularga reja asosida tashrif buyuradi.

«Ayollar koloniyasiga (Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli umumiy tartibdagi ayollar koloniyasi, u yerda hozir Gulnora Karimova saqlanmoqda — tahr.) oʻzim ham bir necha marotaba borganman, shu jumladan monitoring tashrifi bilan ham. (Gulnara Karimova bilan — tah.) suhbat boʻlgan», — dedi u.

Mahkumaning qizi Iman Karimova iyul oyida u va advokatlar Gulnora Karimova bilan koʻrisha olmayotganini xabar qilgandi. “Men uni koʻrishga harakat qilish uchun Oʻzbekistonga qaytib keldim, biroq hukumat uni tashqi dunyo bilan aloqa qilmasdan ushlab turish uchun sabablarni oʻylab topmoqda. Hatto advokatlar, telefon qoʻngʻiroqlari, xatlar va boshqalar kirishini taqiqlashmoqda”, — deb Instagramda yozgan edi.

Feruza Eshmatova tomonlar koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantin cheklovlari tufayli ular uchrasha olmaganini taxmin qildi. “Hozir shaxsan ularning oʻzlaridan bizga bunaqa murojaat kelib tushgani yoʻq”, — dedi u.

Ombudsmanning qoʻshimcha qilishicha, hozirda “Respublika maxsus komissiya tomonidan pandemiya sal yumshatilgani munosabati bilan hozir yana qisqa muddatli uchrashuvlar tiklangan”.

Mahkumaning himoyachisi Fanni Margayraz Le Temps gazetasiga 7 va 8-sentyabr kunlari 2019-yilning iyun oyidan beri qamoqxonada mijozi bilan uchrasha olmaganini maʼlum qilgandi. “Bu safar biz u bilan oʻzbekistonlik advokat va tarjimon huzurida koʻrishishga muvaffaq boʻldik. Uning qoʻllarida bir qancha koʻkarishlar bor edi”, — deya taʼkidladi u.

Feruza Eshmatova Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyada qaytadan monitoring oʻtkazilishini maʼlum qildi.

“Biz hali ham monitoring oʻtkazamiz, chunki, biz u yerga borib kelgandik. Men u bilan koʻrishgandim. Men u bilan koʻrishganimda hammasi yaxshi edi. Bizda yana [monitoring] boʻladi, chunki monitoringdan keyin yana qaytadan tekshiramiz”, — dedi u.

Uning ahvoli yaxshimi degan savolga Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili qisqa qilib, “ha”, deb javob berdi.

Gulnora Karimova 2019-yilning bahoridan beri 21-sonli koloniyada jazosini oʻtamoqda. 2020- yilning mart oyida Oliy sud u 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinganini xabar bergandi.

Latest from Blog