“Mehr-4” operatsiyasi doirasida 24 nafar fuqaro Afg‘onistondan O‘zbekistonga qaytarildi

1 daqiqada oʻqiladi

Afg‘oniston va Pokiston hududlarida tashkil etilgan xalqaro terrorchilik tashkiloti saflariga borib qo‘shilib, keyinchalik Afg‘oniston hududiga o‘tgan, shuningdek, ushbu hududda yashagan shaxslarning bir guruhi “Mehr-4” operatsiyasi doirasida O‘zbekistonga olib kelindi.

Surxondaryo viloyati IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Afg‘onistonning hamkor tashkilotlari ko‘magida olib kelingan 24 nafar shunday shaxslar Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hududida joylashgan “Ayritom” chegara posti orqali kutib olingan.

Ular  tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, viloyat hokimiyati, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari ishtirokida Termiz tumanidagi davolash va sog‘lomlashtirish markazi binosiga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur davolash va sog‘lomlashtirish markazi barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lib, shay holga keltirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston rahbariyati “Mehr” insonparvarlik operatsiyasini ilk bor 2019-yil may oyi oxirida amalga oshirgan, o‘shanda 156 nafar o‘zbekistonlik, asosan, ayollar va bolalar Uzbekistan Airways’ning Suriya poytaxti Damashqdan amalga oshirilgan maxsus reysi bilan O‘zbekistonga olib kelingan edi.

Keyinchalik ushbu operatsiya davomida O‘zbekiston tomoni ma’lum bir qiyinchiliklarga duch kelgani ayon bo‘lgan edi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir davlat Suriyadan vatandoshlarni olib qaytish uchun O‘zbekiston samolyotini urib tushirish bilan tahdid qilganini ma’lum qilgan.

2019-yilning oktabr oyida esa Yaqin Sharqdagi mojarolar hududidan o‘zbekistonliklarni qaytarish bo‘yicha ikkinchi maxsus operatsiya amalga oshirilgan. 2020-yilning dekabrida uchinchi maxsus operatsiya amalga oshirilib, Suriyadan 25 nafar ayol va 73 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.

Fikr bildirish

Latest from Blog