Mehnat migrantlarini Rossiyaga tashkiliy ravishda jo‘natish boshlandi

26-iyul kuni Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston fuqarolarining bir guruhi Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri A.Abduhakimov bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qildi.

Foto: mehnat.uz

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to‘g‘risidagi Bitim imzolangan edi.

O‘zbekiston yangi sharoitlarda mehnat migrantlari muammolariga nisbatan o‘z munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda hamda mehnat migrantlarining davlat iqtisodiyoti hamda ular ishlayotgan mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulushini e’tirof etadi. O‘zbekiston hukumati bundan keyin ham ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Rekruting faoliyati to‘g‘risidagi, mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi, yangi qonunlar ishlab chiqilmoqda, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilmoqda hamda litsenziya va ruxsat berish hujjatlari soddalashtirilmoqda.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston fuqarolari manfaatlarini himoya qilish uchun ular eng ko‘p mehnat qilayotgan davlatlarda jumladan, Rossiya va Koreyada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Agentlikning vakolatxonalarini ochish masalasi ishlab chiqilmoqda. Samarqand va Farg‘ona shaharlarida mehnat migrantlariga hamkorlikda ko‘maklashishga qaratilgan turli markazlar ochilmoqda.

Ayni paytda rossiyalik ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan turli mutaxassisliklar bo‘yicha tashkiliy tanlov boshlandi. Allaqachon haydovchilar, tikuvchilar, qurilish bo‘yicha mutaxassislar, sozlovchilar, tokarlar va boshqalar bo‘yicha tanlov va saralash ishlari olib borilmoqda.

Latest from Blog