Foto: Afisha.uz

Maxsus komissiya Navroʻz tadbirlarini mahallalarda tashkil etishga oid koʻrsatma berdi

Respublika maxsus komissiyasi koronavirus pandemiyasini inobatga olgan holda mutasaddi vazirlik va idoralarga aholi gavjumligining oldini olish maqsadida Navroʻz bayrami tadbirlarini kichik hajmda mahallalarda tashkil etish choralarni koʻrish haqida koʻrsatma berdi.

Bunga oid qaror komissiyaning 16-mart kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida qabul qilingan.

Yigʻilishda soʻnggi kunlarda aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari biroz ortganligi taʼkidlab oʻtilgan. Shu vajdan mutasaddi tashkilotlarga bayram tadbirlarini ob-havo sharoitini inobatga olgan holda ochiq joylarda, yaʼni bogʻlar, xiyobonlar va oʻyingohlarda oʻtkazish, bayram tadbirlarida aholini koʻp toʻplamaslik va tashrif buyuruvchilar niqobda boʻlishlari hamda ijtimoiy masofani saqlashlari ustidan nazoratni oʻrnatish kabi topshiriqlar berilgan.

Shu bilan birga, huquq-tartibot organlariga bayram tadbirlarida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlik choralari koʻrish topshirilgan.

Ayni paytda joylardagi bayram tadbirlarini yuqori badiiy saviyada oʻtkazish, buning uchun estrada xonandalari va teatr aktyorlarini jalb etish kabi vazifalar belgilangan.

Qaror bilan Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan aholi oʻrtasida koronavirus bilan kasallanish holatlarini barvaqt aniqlash boʻyicha PZR laboratoriyalarning toʻliq quvvatlarda faoliyatini tashkil etish, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini ixtiyoriy emlash tadbirlarini tashkil etish borasida tegishli topshiriqlar berilgan.

Latest from Blog