Mavzuga qaytib: Na’munaviy uy-joylarda hamma baxtli yashamoqda…mi? Yoxud qachongacha qonun emas, hokimning aytgani bo’ladi

Saytimiz orqali joriy yilning 23-may sanasida “Na’munaviy uy-joylarda hamma baxtli yashamoqda…mi?” nomli materialni e’lon qilgandik. Unda murojaat egasining yashab turgan uyi o‘rniga hokimiyat yangi tipdagi namunali uy-joylar qurib, avval boshda 12 sotixli uy evaziga huddi shu joyda quriladigan uy berishni va’da qilgani, endilikda esa bu oila boshlang‘ich to‘lovni to‘lashga majbul qilinayotgani yoki uydan chiqib ketish talabi qo‘yilayotgani haqida bayon qilingan edi.

Foto: UzA

Huddi o‘sha kunlari “diydoraziz.uz”, “hordiq.uz” va “kun.uz” saytlari ham saytimizdagi bu materialni e’lon qilib, mavzuga jamoatchilikning e’tiborini qaratishga harakat qilishdi. O‘z o‘rnida hamkasblarimizga minnatdorligimizni bildiramiz.

Mana oradan roppa-rosa 50 kun vaqt o‘tdi. Lekin hech qanday ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi. Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tuman hokimiyati, prokuraturasi, xalq qabulxonasining hududiy bo‘limi vakillari ham garchi jarayondan xabardor bo‘lishlasa-da, bir oilaning mushkulini oson qilish haqida o‘ylab ham ko‘rishmayapti. Buning o‘rniga do‘q-po‘pisa, tazyiq va haqoratlar..

Xalq qabulxonasining hududiy bo‘limidagi 500 kishi ishtirokidagi uchrashuvida esa bir mushtipar ayolga qarata tuman hokimi Sayfiddin Ismoilovning “Nima bolalaringni men tug‘dirganmanmi, o‘zing uchun tuqqansan!” degan gapini qanday tushunish, tushunishku mayli, qanday hazm qilish mumkin.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida shumi xalq bilan muloqot, shumi inson manfaatlarining himoyasi, shumi davlat dasturiga tuman hokimining hurmati-yu munosabati!?

Yana bir alam qiladigan joyi. Bu voqealar umrini shu mamlakat rivojiga tikkan, uni yuksaltirgan, millatning asl fidoiy fanzandi Sharof Rashidov nomidagi tuman hududida bo‘layotgani. Shumi yurt tuzgan, millat sha’nini baland ko‘targan rahbarlarimizga, ularning g‘oyalariga munosabat!?

Bugun to‘satdan eshik taqilladi. Eshik taqillashidan zada bo‘lgan uy bekasi ming bir hadik aralash qo‘rquv bilan eshikni ochdi. Ikki ayol shu yerda hali puli to‘lanmagan, shuning uchun sotiladigan uy bor ekan, deb turishibdi. Halima opaning shu damdagi ahvolini ta’riflashga ojizmiz. Opa bor kuchini to‘plab umidining oxirgi parchalariga suyanib, (shu umidning kuchi bilan yaqinlaridan qarz olib) poytaxtga adolat izlab yo‘l soldi. Hozir Halima Karimova Toshkentda. Boshini qaysi devorga urishni, qaysi eshikka bosh suqishni bilmay hayron.

Bu oila va yaqinlari 2 yildan beri, biz 50 kundan beri haq qaror topishini kutdik. Shu jumlalarni yozmoqdamizu, ammo endi ishonchimiz ancha susaygan. Ammo bir o‘zbek oilasining musibatiga befarq bo‘lmagan millatdoshlarimiz borligiga – ko‘pligiga ishonamiz. Chunki bugun ular har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq mehrga muhtoj.

Balki bu oilaga o‘z uyini qayta sotib olish uchun mablag‘ yig‘ishning ham imkoni bo‘lar…

Fikr bildirish

Latest from Blog