Mashhur velosportchi Jamoliddin Abdujabborov Toshkentga keldi


Kuni kecha O‘zbekiston velosiped sporti Federatsiyasi taklifiga binoan mashxur velosipedchi, Xalqaro toifadagi sport ustasi, Jamoliddin Abdujabborov poytaxtimizga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘z vaqtida “Toshkentlik terminator” nomi bilan mashhur bo‘lgan hamyurtimiz shuningdek, nufuzli bir kunlik velopoygalarning ko‘p bora sovrindori, “Tur de Frans” musobaqalarida 1991, 1993, 1994-yillarda ochkolar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, 1994-yilgi “Djiro d’Italiya” hamda 1992-yilgi “Vuelta” ko‘pkunlik poygalarida sovrindor bo‘lgan. U o‘z vaqtidan dunyoning velosiped sporti bo‘yicha eng yaxshi sportchilaridan biri bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Toshkentga uyushtirgan tashrifi davomida Jamoliddin Abdujabborov Milliy olimiya qo‘mitasida ham mehmon bo‘ldi. Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov bilan uchrashuv davomida Abdujabborov O‘zbekistonda velosiped sporti taraqqiyotiga hissa qo‘shish, mamlakat bo‘ylab iqtidorli bolalarni aniqlash, terma jamoalar uchun selektsiya ishlarini kuchaytirish, ularni xalqaro musobaqalarga olib chiqish, bir so‘z bilan aytganda O‘zbekistonda velosportni yanada rivojlantirish borasida o‘z yordamini ayamasligi ma’lum qildi.

Jamoliddin Abdujabborov katta sportdagi faoliyati davomida “Alfa Lyum” (1990), “Karrera” (1991 – 1992), “Lyampre” (1993), “Polti” (1994), “Novelli” (1995), “Refin” (1996), “Lotto” (1997) kabi professional jamoalar tarkibida ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan. Professional sportdagi faoliyatini 1997-yilda yakunlagan. Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Abdujabborov 1964-yil 28-fevralda Toshkentda tug‘ilgan.

Latest from Blog