Mart oyidan boshlab Fargʻonada sigirlarni oʻgʻirlab kelgan jinoiy toʻda qoʻlga olindi

Qoʻshtepa va Fargʻona tumanlarida yoʻqolgan sigirlar topildi, deb xabar qildi Oʻzbekiston IIV matbuot-xizmati.

Foto: Pixabay

Xabarda aytilishicha, Fargʻona viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan tungi vaqtda viloyatning Qoʻshtepa tumani Yangi hayot qishlogʻidagi fermer xoʻjaligi shiyponida boqilayotgan, bir dona narxi 3 mln. soʻm boʻlgan sigirni oʻgʻirlab ketayotgan shaxslar Toshloq tumanida ashyoviy dalil bilan qoʻlga olingan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, 1975-yil tugʻilgan muqaddam oʻgʻrilik jinoyati uchun sudlangan A.D. oʻzining 5 nafar (shulardan uch nafari muqaddam sudlangan) jinoiy sheriklari bilan birgalikda Qoʻshtepa va Fargʻona tumanlari hududida fuqarolarga tegishli bir qancha sigirlarni oʻgʻirlash bilan shugʻullanganliklari maʼlum boʻlgan.

Jinoiy toʻda joriy yilning mart oyi oxiridan aprel oyi oxiriga qadar Fargʻona viloyati tumanlarida xonadonlarda boqilayotgan sigirlarga «ov» uyushtirib, umumiy narxi 18 million soʻmga yaqin jonivorlarni oʻmarishgan.

Xususan, 28-martdan 29-martga oʻtar kechasi Qoʻshtepa tumanining Nurobod koʻchasidagi xonadondan bir dona 3,5 mln. soʻmlik, 31-martdan 1-aprelga oʻtar kechasi Fargʻona tumanining Qirgʻizshoʻra koʻchasidagi xonadondan bir dona 3 mln. soʻmlik, 12-apreldan 13-aprelga oʻtar kechasi Fargʻona tumanidagi fermer xoʻjaligi dala shiyponida boqilayotgan ikki dona 4 mln. soʻmlik, 17-apreldan 18-aprelga oʻtar kechasi Qoʻshtepa tumanidagi fermer xoʻjaligi dala shiyponida boqilayotgan bir dona 1,5 mln. soʻmlik va bir dona 3 mln. soʻmlik, 23-apreldan 24-aprelga oʻtar kechasi Qoʻshtepa tumanida joylashgan fermer xoʻjaligi dala shiyponida boqilayotgan bir dona 1,5 mln. soʻmlik va bir dona 1,3 mln. soʻmlik sigirlarni oʻgʻirlashgan.

«Jinoiy guruh aʼzolaridan jami 9 ta qora mol ashyoviy dalil tariqasida olindi. Ular oʻgʻirlikni jinoiy guruh aʼzolaridan biriga tegishli VAZ-2102 rusumli avtomashinada sodir etganlar», — deyilgan xabarda.

Hozirda jinoiy guruhning barcha aʼzolariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Latest from Blog