Maktablar adadi 40 yildan beri deyarli o‘smagan – Aziza Umarova

Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va elektron hukumat masalalari bo‘yicha mutaxassis, Smartgov.consulting kompaniyasi ijrochi direktori Aziza Umarova o‘z blogida O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari soni oshganiga qaramay, maktablar adadi 40 yildan beri deyarli o‘smagani va boshqa muammolar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

“1980-yilda O‘zbekistonda 3.8 mln o‘quvchiga 9458 ta o‘rta maktab bor edi. 2020-yilga kelib esa xususiy maktablarni qo‘shib hisoblaganda atigi 9942 ta o‘rta maktab mavjud. Yuqoridagi raqamlarning o‘zi maktablarda o‘quvchi sonining ko‘pligiga va 1 ta sinfda 45-50 ta bola o’qishiga majburligini ko‘rsatib turibdi.

O‘tgan davr mobaynida o‘quvchilar soni 60 foiz o‘sgan bo‘lishiga qaramasdan o‘rta maktablar umumiy soni deyarli ko‘paymagan”, deydi ekspert.

Maktab tizimidagi muammolarni sanar ekan Aziza Umarova 1960-yillarda joriy qilingan qurilish normalari va qoidalari deyarli o‘zgarmagani va maktablar sig‘imi kichkinaligicha qolayotganiga asosiy muammo sifatida qaraydi.

“Ta’lim tizimida tezkor choralarni zudlik bilan ko‘rish kerak”, – deya A.Umarova o‘z takliflarini ilgari suradi:

“Maktablarni ulardagi o‘quvchi soniga qarab moliyalashtirish tizimi (per capita financing) ni joriy etish zarur.

Bu yerda mantiq juda ham oddiy-qancha o‘quvchi ko‘p bo‘lsa, maktab uchun mablag‘ ham shuncha ko‘p ajratiladi.

Bu haqida anchadan beri va ko‘p gapirilmoqda, lekin hech qanday o‘zgarish yo‘q.

Agar solishtirib ko‘radigan bo‘lsak 1 o‘quvchiga ajratadigan mablag‘ miqdori neft-gaz, oltin va uran kabi tabiiy boyliklar umuman mavjud bo‘lmagan Gruziyada O‘zbekistonga nisbatan 1 necha barobar yuqori.

Ta’limni moliyalashtirish mahalliy hokimiyatlar, har xil turdagi o‘rtada turuvchi Moliya vazirligi, “в не бюджет” fondlar, DUKlari aralashtirmasdan Xalq ta’limi vazirligi orqali amalga oshirilish kerak. Ana shundagina shaffoflik ta’minlanadi. Agar shunaqa qilinmasa nega yangi maktablar qurilmayapti, degan savolga javob topish qiyin.

2019-yilda janjal to‘polondan keyin Sergeli tumanida yangi uy-joy massivlarida bir nechta maktab qurildi. Ushbu maktablarni qurish yangi uy-joy massivlarini qurayotganda umuman rejalashtirilmagan edi.

Bizda shaharsozlikni rejalashtirish degan amaliyotning yo‘q.
Shu paytgacha shaharning bosh rejasi bo’lmagan. Ya’ni yangi massivlar qurilishi rejalashtirilayotganda maktablar, bog‘chalar ko‘zda tutilmagan.

Agar ushbu choralarni tezlik bilan ko‘rmasak ta’lim tizimi inqirozga uchraydi”, – deydi Aziza Umarova fikrini yakunlar ekan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog