Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijadorligi tahlil qilindi

3 daqiqada oʻqiladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-fevral kuni maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalarining ahvoli, sohadagi ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev bu tizimni chuqur tahlil qilib, shu paytgacha nazardan chetda bo‘lgan eng kichik jihatlarigacha e’tibor qaratdi.

Dastlab bu masalada Andijon, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga e’tibor qaratildi. Masalan, Andijon viloyatidagi 87 ta mahallada bironta ham bolalar bog‘chasi yo‘qligi, 84 ta bog‘cha filialini mustaqil muassasaga aylantirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarini tashkil etish bo‘yicha tuman hokimliklari tomonidan aniq choralar belgilanmagani tanqid qilindi.

Viloyatda mavjud 451 ta maktabgacha ta’lim muassasasidan 200 tasida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun maxsus ombor yo‘q, sovutkich, shkaf va stol-stullar yetishmaydi. Shuningdek, hanuzgacha 123 ta bog‘chaga ichimlik suvi tashib keltiriladi, 71 tasining atrofi o‘ralmagan, 134 tasida musiqa xonalari jihozlanmagan, 420 tasida kichik kutubxonalar tashkil etilmagan.

Shunday kamchiliklar Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida ham kuzatilgan.

Yig‘ilishda joriy yilda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatni tasdiqlash, bolalar bog‘chalarining moddiy-texnik holatini o‘rganib, mebel, oshxona jihozlari, o‘yin maydonchalari va sport inventarlariga bo‘lgan talabni aniqlash hamda yaqin 2 yilda mamlakatdagi barcha bog‘chalarni jihozlash bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bog‘chalarning loyiha-smeta hujjatlarini sifatsiz tayyorlash, qurilish va ta’mirlash ishlarini oxiriga yetkazmaslik, ba’zilarini ta’mirlamasdan qoldirib ketish holatlari ko‘p uchrayotgani tanqid ostiga olindi.

Masalan, o‘tgan yili Xorazm viloyati Urganch shahridagi 14-bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan, muhandislik tarmoqlariga to‘liq ulanmagan, jihozlar to‘liq yetkazib berilmagan. Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi 3, Nishon tumanidagi 20, Koson tumanidagi 32-bog‘chada ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmagan. Buxoro shahridagi 3, Buxoro tumanidagi 19, Romitan tumanidagi 11, Qorako‘l tumanidagi 7-bog‘chalarda pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan, jihozlarning 50 foizi yetkazib berilmagan. Ko‘plab loyihalarda nazarda tutilmagani sababli bog‘chalar hududini obodonlashtirish, atrofini o‘rash, tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlari bajarilmay qolmoqda.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun hokimliklar, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga tegishli topshiriqlar berildi. Maktabgacha ta’lim muassasalarining loyiha-smeta hujjatlarida yordamchi binolarni ham ta’mirlash va jihozlashni nazarda tutish, ularni aholi uchun qulay va muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i mavjud hududlarga joylashtirish zarurligi qayd etildi. Namunaviy loyihalarni qayta ko‘rib chiqib, yangi quriladigan bog‘chalar uchun sarflanadigan xarajatlarni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.

“Navbatdagi muhim masala, — dedi Shavkat Mirziyoyev, — davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishdir. Hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan 2018 yilda jami 222 ming nafar bolaga mo‘ljallangan 3 mingdan ziyod nodavlat bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 tasi yangi quriladigan binoda, 1 ming 360 tasi mavjud binolarda va 470 tasi uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi”.

Joylarda bu borada qator ishlar boshlangani, lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida sust borayotgani qayd etildi. Ayrim rahbarlarning uzoqni ko‘ra olmasligi va davlat siyosatini tushunmasligi oqibatida ishlab turgan davlat bog‘chalarini xususiylashtirish va tadbirkorlarga berib yuborishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa aholining o‘rinli va jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois tadbirkorlarga ishlamay turgan bog‘chalarni berish, binoni ta’mirlab va jihozlab ishlatish vazifasini qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Hokimliklar va banklarga 2018-yilda tashkil etiladigan 3 mingdan ziyod xususiy bog‘chaning har biri bo‘yicha yer, bino va kredit ajratish, bog‘chalarni ishga tushirish muddatlari aniq belgilangan jadvallarni ishlab chiqish va tasdiqlatish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

“Hal etishimiz zarur bo‘lgan yana bir muhim muammo, — dedi davlat rahbari, — bog‘chalarda bolalarni belgilangan me’yorlar asosida to‘g‘ri va sifatli ovqatlantirishni tashkil etishdir”.

Afsuski, bolalarga sut mahsulotlari va meva tasdiqlangan normadan kam miqdorda berilmoqda, baliq mahsulotlari esa deyarli berilmayapti. Yig‘ilishda bu borada berilgan topshiriqlarga muvofiq, bolalarni sifatli ovqatlantirish, ko‘rpa, yostiq va choyshablarini belgilangan muddatlarda almashtirish, dori-darmon va yuvish vositalari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori yetarli ekani aniq hisob-kitob qilinadi.

Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va ko‘nikmalari masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy ma’lumotli, 79 foizi esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani qayd etildi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarida sirtqi va kechki shaklda bakalavrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Bu haqda so‘z yuritar ekan, Prezident Janubiy Koreyaning Puchon universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Maktabgacha ta’lim universitetini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda yuqori malakali, oliy ma’lumotli kadrlarni rag‘batlantirish, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining oylik ish haqini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Imkoniyati cheklangan va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga ham e’tibor qaratildi.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbar va hokimlarning axborotlari tinglandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog