Maktab va poliklinikalarda buxgalteriya qisqartiriladi

O‘zbekiston Prezidenti 21-avgust kuni «Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmlari hamda davlat moliyaviy nazorat tizimlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Foto: O‘zA / Temur Mamadaminov 

Hujjat byudjetdan moliyalashtirish, ta’lim va tibbiyot muassasalarida hisob-kitob va hisobot mexanizmlarini shaffoflashtirish va takomillashtirish, shuningdek axborot texnologiyalari va xalqaro tan olingan moliyaviy nazorat standartlarini joriy etish yo‘li bilan byudjet qonunchiligi buzilishlari profilaktikasi va ogohlantirishga yo‘naltirilgan davlat moliyaviy nazoratini tubdan qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, 1-sentabrdan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari va tibbiyot birlashmalarida ularga bo‘ysunuvchi muassasalardagi buxgalteriya xizmatlari tugatilib, markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmatlari tashkil etiladi.

Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi hamda Moliya vazirligi qoshidagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tashkil etiladi.

Markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmatlari xarajatlar smetasi, oylik ish haqlarini yozish va to‘lash, mahsulotlar, ishlar va xizmatlarni sotib olish, mahkamalarga bo‘ysunuvchi muassasalarning byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobini yuritish, shuningdek ular faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha tovarlar (ish, xizmat) sotuvidan tushgan daromadlar monitoringini markazlashgan tartibda yuritishni ta’minlaydi.

Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari respublika va hududiy darajada byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflash va talon-taroj qilish holatlarini aniqlaydi, ular profilaktikasi bilan shug‘ullanadi.

Moliya vazirligi Nazorat-reviziya bosh boshqarmasi Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasiga aylantirildi. U byudjet tashkilotlarida byudjet mablag‘larini boshqarish va byudjet hisobini yuritish bo‘yicha ixtisoslashgan avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlardan foydalangan holda byudjet tashkilotlarining moliyaviy faoliyati ustidan doimiy monitoring olib boradi. Shuningdek, byudjet tashkilotlari bilan byudjet qonunchiligiga rioya etish bo‘yicha profilaktika ishlarini o‘tkazadi.

Boshqarmaga aniqlangan talon-taroj qilish, pul mablag‘lari va moddiy qimmatliklarning yetishmasligi, xarajatlar smetasi, shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va ijro etish tartiblaridagi qoidabuzarliklar va boshqalar tahlilini yuritish, ularni yuzaga keltirgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq tadbirlarni ishlab chiqish, byudjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish, bir vaqtning o‘zida past samarali reviziyalarni masofadan turib boshqarish, axborot texnologiyalari yordamida tekshiruv ob’ektlari va maqsadlarini aniqlash kabi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Latest from Blog