Majburiy obuna mashmashalari davom etmoqda


Bugun mamlakatimizda gazeta va jurnallar soni kundan kun oshib bormoqda. Bu quvonarli albatta. Ammo obuna mavsumi vaqtida oylik maoshingizdan majburiy ravishda ushlab qolinadigan mablag‘ hisobidan ulardan istaganingizni, sohangizga mos, dunyoqarashingizning o‘sishiga sabab bo‘ladigan nashrlarni tanlashga haqli emasligingiz alam qilmaydimi?

Korrespondent O‘zbekiston muxbiri Inobat Ahadova joylarda bo‘lib, huddi shu mavzuda anchadan beri yig‘ilib qolgan mulohazalarni bir maktab misolida e’tiboringizga havola etishga qaror qildi.

Abdumalik Sharipov: Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 52-maktab o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari:
Aksariyat matbuot nashrlari bizga juda kech yetib keladi. Masalan: “Xalq so‘zi” gazetasi haftasida 5 marotaba chop etiladi. Mamlakatimiz hayotiga oid eng so‘nggi yangiliklar, siyosiy xabarlar, islohotlar tezkor yoritiladigan bu gazetaning bir haftalik beshta sonini bir kunda – haftaning oxirida olib kelishadi. Axborot esa bugungi kunda soat sayin eskirib qolmoqda. Hali ham biz tuman markaziga yaqin joydamiz, markazdan uzoq hududda joylashgan maktablarda ahvol bundan ham achinarli.

Hukumatimiz tomonidan sohamizga oid qabul qilingan qarorlardan tez xabardor bo‘lishimiz lozimligini hisobga olsak, masalaning anchayin jiddiy ekanligi yanayam aniqlashadi. Chunki qaror ijrosi uning OAVda e’lon qilingan sanasidan boshlanadi. Ijro talabi o‘sha kundan qo‘yiladi.

Shahlo Cho‘tbayeva: Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 52-maktab ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi:
Gazeta inson tafakkurini oshirishga xizmat qiladi. Har bir o‘qituvchi o‘zining sohasiga oid yangiliklardan vaqtida xabardor bo‘lishi lozim. Buning uchun esa obuna bo‘layotgan gazetani har kim o‘zining sohaviy ixtisosligidan kelib chiqib ixtiyoriy tanlashi kerak. Siz bozordan pulingizga sifatli va albatta o‘zingiz uchun eng kerakli narsalarni xarid qilasiz. Bu iste’molchining tanlov huquqi. Shunday ekan o‘qituvchilar ham obuna bo‘layotgan gazetasini o‘zi tanlashi kerak emasmi? Fizika fani o‘qituvchisi uchun fan-texnika yangiliklari yoritilayotgan, tarix o‘qituvchisi uchun moziy sir-sinoatlari ochilgan va hokazo. Har bir o‘qituvchi o‘zining sohasiga oid nashrga obuna bo‘lishni istaydi. Majburan tarzda hududiy yoki biror nashrga emas.

Yaqinda “Kitob dunyosi” degan gazetaning bir sonini o‘qib qoldim. O‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari, she’riy asarlar, tarjimalar berilgan ushbu gazeta menga juda ham ma’qul bo‘ldi. Agar obuna ixtiyoriy bo‘lsa, men shu gazetaga obuna bo‘lardim. Bundan tashqari “Abuturient” gazetasidagi test savollari o‘quvchilarimiz bilimlarini charxlaydi. Demak, biz kerakli nashlarni tanlash huquqidan foydalansak ham o‘zimizning, ham o‘quvchilarimizning bilimlari oshadi. Shuningdek, respublikada nashr etilayotgan aynan yoshlar auditoriyasi mos gazeta-jurnallarga erkin obuna bo‘lolmaymiz.

Nodira Mamaniyozova: Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 52-maktab rus tili o‘qituvchisi:
O‘quvchilarga rus tilidan saboq beraman. Darsliklardan tashqari qo‘shimcha manbalardan ham foydalanish zarar keltirmaydi, albatta. Faqat foyda keltiradi. Bunda tashqari ilmiy maqolalar yozaman va ular e’lon qilinadigan ilmiy-ommabop jurnallar o‘qituvchilik faoliyatimga yordam beradi. Afsus, bunday jurnallarni, gazetalarni oylik maoshimdan ushlab qolinadigan mablag‘ hisobidan emas, balki cho‘ntagimdan olishga majburman.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi? “Agar majburiy obunaga chek qo‘yilsa, har kim istagan nashrigan obuna bo‘laversa, har xil yengil-yelpi, sariq matbuot nashlarining bozori “gullab ketmaydi”mi? Yo‘q unday bo‘lmaydi, chunki aksariyat maktab, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, shifokorlar (tibbiyot xodimlarining ham majburiy obuna bilan bog‘liq og‘riqlari yetarli) va hokazo kasb egalari bilan suhbatlashib shunga amin bo‘ldikki, ularga o‘zi uchun kerakli axborotni olish muhimdir.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida asosiy shart – erkin raqobat. Xaridor o‘zi uchun sifatli deb bilgan, ishongan tovarni sotib oladi. Raqobat muhiti gazeta, jurnallarimizning rivoji uchun ham xizmat qiladi. Qachonki obuna to‘g‘ri tashkil etilsa.

Erkin obuna – har ikkala tomon: matbuot nashrlari va auditoriya manfaatlari uchun xizmat qiladi, nazarimizda. Bugun mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan, ta’limni yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda bu kabi ko‘ngilsizliklar albatta biz ko‘zlagan marraga yetishni qiyinlashtiradi. Mavzuimiz davom etadi. Mulohazalaringizni kutib qolamiz.

Bizning Telegramdagi kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar