Mahallalarning ID-raqami va hududiy chegarasi ko’rsatilgan yagona elektron ma’lumotnoma yaratiladi

O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”dagi qarori loyihasi muhokamaga qo’yildi.

Mazkur hujjat 2020-yil 4-avgustdagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan.

Muhokamadagi qarorda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to’lash tartibi to’g’risidagi Nizom tasdiqlash ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari, mazkur qaror loyihasiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo’llab-kuvvatlash vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar har bir mahallaning ID-raqami va hududiy chegarasi ko’rsatilgan yagona elektron ma’lumotnomasini yaratish reja qilinmoqda.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 2020-yil yakuniga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onalar hamda vasiylikka va homiylikka olingan bolalar, shuningdek, vasiylik va homiylikka muhtoj bolalar bo’yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish va mazkur jarayonga tegishli bo’lgan qog’ozda saqlanayotgan ma’lumotlarni to’liq elektronlashtirish maqsad qilingan.

Shu bilan birga davlat va xususiy umumta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga tegishli ma’lumotlarni o’z ichiga oladigan yagona axborot tizimini joriy etish, ushbu tizimga barcha davlat va xususiy umumta’lim muassasalari tomonidan majburiy tartibda zarur ma’lumotlar kiritib borish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining “FHDYoning yagona elektron arxivi”ni shakllantirish va idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvni yo’lga qo’yish mo’ljallanmoqda.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil yakuniga qadar idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvni yo’lga qo’yish, ta’lim oluvchilarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish, tizimga ularning ma’lumotlarini kiritib borish va yagona elektron ma’lumotlar bazasini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu hujjat muhokamasi regulation.gov.uz O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 2020-yilning 22-sentabriga qadar davom etadi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog