Madaniyat vazirligi masʼul idoralarni karantin qoidalarini buzgan sanʼatkorlarga nisbatan qonuniy chora koʻrishga chaqirdi

1 daqiqada oʻqiladi

Soʻnggi paytlarda ayrim sanʼatkorlarning toʻy va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari uchrab turibdi. Shu munosabat bilan, jamoatchilik tomonidan, Madaniyat vazirligi nega buni nazorat qilmayapti, qabilidagi savollar, murojaatlar kelib tushmoqda. Madaniyat vazirligi ushbu masalada bayonot berdi.

Vohid-1

“Albatta, Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni maʼqullamaydi va karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qatʼiy chora koʻrilishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Biroq, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi boʻlishidan qatʼiy nazar maʼlum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham sanʼatkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud boʻlib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas. Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora koʻrishga masʼul boʻlgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradilar.

Tabiiyki, sanʼat ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida boʻladi. Lekin, bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha ulkan javobgarlik va masʼuliyat yuklaydi. Madaniyat vazirligi soha vakillaridan oʻz hayot va faoliyatlarida ushbu mezonga amal qilishlarini soʻraydi. Oʻz navbatida, masʼul idoralarni belgilangan meʼyorlarni buzgan sanʼatkorlarning javobgarliklarini taʼminlash uchun qonuniy choralar koʻrishga chaqiradi. Zero, qonun barchaga barobar!“, deyiladi vazirlik bayonotda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Bravo” jamoasi aʼzosi Ahmad Temirov va xonanda Vohidjon Isoqovning toʻylarida karantin qoidalari buzilgani sabab ular oʻrnatilgan tartibda jarimaga tortilgan edi. Mazkur holatlar boʻyicha Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev munosabat bildirgan va Madaniyat vazirligiga Senator soʻrovi yuborilgani, bu masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olinganini maʼlum qilgan edi.

Fikr bildirish

Latest from Blog