Foto: Atr.kz

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasi uzaytirildi

“Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida“gi Qonunga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasining muhokamasini 2021-yil 1-noyabrga qadar davom ettirishga qaror qilindi. Bu haqda Davlat tilini rivojlantirish departamenti xabar bermoqda.

Xabarga koʻra, ushbu vaqt davomida masʼullar tomonidan qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar, maʼruza va seminarlar oʻtkaziladi. Alifboga shakliy oʻzgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori oʻrganiladi. Bundan tashqari,OAVda takomillashayotgan alifboning turli (fonetik, grafik, texnik, imlo) xususiyatlariga doir turkum koʻrsatuv va maqolalar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida oʻtkaziladigan konferensiyada koʻrib chiqilib, yakuniy xulosaga kelinadi hamda loyiha bilan birgalikda Hukumatga kiritiladi, taʼkidlandi bayonotda.

Eslatib oʻtamiz, mart oyida “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan edi.

Oʻzbekistonda lotin yozuviga asoslangan, suratdagi kabi 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat oʻzbek alifbosi joriy etish koʻzda tutilgan.

Harflarni quyidagicha oʻzgartirish taklif qilinmoqda:

“Gʻ, gʻ” — “Ḡ, ḡ”
“Oʻ, oʻ” — “Ō, ō”
“Sh, sh” — “Ş, ş”
“Ch, ch” — “Ç ç”

Maʼlumotlarga koʻra, 15 kunlik muhokama davomida “regulation.gov.uz” da loyihani 26 mingdan ziyod kishi koʻrib, 1035 ta fikr qoldirgan. Takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini isloh qilinishini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolishni yoqlagan.

Shuningdek, koʻpchilik C (“ts”) harfini alifboga kiritish va ng harfini alifbodan chiqarib, imlo qoidalari doirasida oʻrganishni taklif etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda alifbo islohotini qoʻllab-quvvatlash bilan birga, islohotning moliyaviy yuki, oʻrta avlodning savodsiz boʻlib qolishidan tashvishlanib bildirilgan fikrlar ham bor, deyiladi departament xabarida.

Latest from Blog