Lola Karimova-Tillayeva Parij markazida EKO ART loyihasini namoyish etdi

Lola Karimova-Tillayeva Parijning tarixiy markazidagi Monnaie de Paris muzeyida boʻlib oʻtayotgan AD INTERIEURS 2017 koʻrgazmasi doirasida «Droplet» (Tomchi) nomli EKO ART loyihasini namoyish etdi. U bu haqda oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qildi.

Loyiha suv resurslarini asrash hamda iqlim oʻzgarishining halokatli oqibatlaridan jamoatchilikni xabardor qilishga bagʻishlangan.

Rassom Markos Lyutyens bilan hamkorlikda yaratilgan mazkur art-obʼyekt tomchi koʻrinishidagi metall konstruktsiyasidan iborat. Installyatsiyaning interaktivligi shundaki, unda suvning tovushi, ifori va taftini his etish mumkin. Shuningdek, unda global isishning taʼsiri haqida maʼlumot beriladi.

«Jamoatchilikni global isish va iqlim oʻzgarishi masalalaridan xabardor qilish maqsadida sanʼat kuchidan foydalanishga ahd qildik. Binobarin, sanʼat insonlarga ilhom baxsh etib, ularni muayyan maqsad atrofida birlashtira oladi.

«Droplet» loyihasini taqdim etar ekanmiz, suv resurslarining yetishmovchiligi va ularni asrash borasidagi dunyo hamjamiyatining xavotiriga sherikligimizni bildiramiz», deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva.

Uning yozishicha, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan tabiiy ofatlarni bugungi kunda butun dunyo boʻylab kuzatish mumkin. Lola Karimova-Tillayeva vaziyatni yaxshilash yoʻllari mavjudligini bildiradi.

«Masalan, kundalik hayot tarzimizda tabiatni asrashga katta ahamiyat berish, koʻlu daryolarni tozalash, daraxt ekish ishlarida ishtirok etish hamda atrof-muhitni asrash masalalari haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish.

Avvalambor, ayanchli oqibatlar muqarrarligini anglab, masʼuliyatni teran his etishimiz zarur.

Texnogen jarayon hayotimizda turli qulayliklar yaratishi bilan birga insonlarda tabiatdan butunlay uzilish va unga befarq boʻlish uchun moyillik yaratadi. Bu esa barchamiz uchun fojia bilan tugashi mumkin», deb yozadi u.

Maʼlumot berilishicha, koʻrgazma Monnaie de Paris muzeyida 20-sentabrgacha boʻlib oʻtadi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar