Lola Karimova bir oylik tanaffusdan soʻng yangi post eʼlon qildi

“Droplet” (“Tomchi”) nomli eko art loyihamizni eʼtiboringizga havola etaman, deb yozgan oʻzining Feysbukdagi akkauntida Lola Karimova-Tillayeva.

Suv resurslarini qanday ishlatamiz? Global isish yaqin kelajakda insonlar hayotiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Suv resurslari bilan bogʻliq boʻlgan masalalarga yondashuvni qanday qilib oʻzgartirish mumkin?

Loyihamiz bugun insoniyat oldida turgan dolzarb masalalarni namoyish etish uchun bir maydon vazifasini oʻtaydi.

“Garmonist” brendining falsafasi suv, yer, yogʻoch, maʼdan va olov kabi besh tabiat unsurlarini oʻrganish, asrash va himoya qilishga asoslangan. “Garmonist” tabiatni asrash maqsadida insoniyat sogʻlom hayot kechirishining asosini tashkil etuvchi mazkur besh unsurni saqlashga va asrashga bagʻishlangan oʻn yillik loyihani boshlaydi.

Suv hayot manbaidir. Inson tanasi 60% suvdan iborat boʻlib, hayotimizni suvsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Inson har bir ichki aʼzosining faoliyatida suv muhim oʻrin egallaydi. Sayyoramiz ekosistemasida suv manbalarining oʻrni beqiyosdir.

Rassom Markus Lyutyens bilan hamkorlikda yaratilgan mazkur art-obʼyekt tomchi koʻrinishidagi metal konstruktsiyasidan iborat. Installyatsiyaning interaktivligi shundaki, unda suvning tovushi, ifori va taftini his etish mumkin. Shuningdek, unda global isishning taʼsiri haqida maʼlumot beriladi.

Jamoatchilikni global isish va iqlim oʻzgarishi masalalaridan xabardor qilish maqsadida sanʼat kuchidan foydalanishga ahd qildik. Binobarin, sanʼat insonlarga ilhom bahsh etib, ularni muayyan maqsad atrofida birlashtira oladi.
“Droplet” loyihasini taqdim etar ekanmiz, suv resurslarining yetishmovchiligi va ularni asrash borasidagi dunyo hamjamiyatining havotiriga sherikligimizni bildiramiz.

Loyihamiz haqida sizni muntazam ravishda xabardor qilib boramiz”, — deb yozgan Lola Karimova.

Fikr bildirish

Latest from Blog