/

Koronavirusdan sogʻayganlar ham vaksina qabul qilishi mumkinmi?

Foto: The Nizh Telegram

SSV matbuot xizmati “COVID-19” ga qarshi emlash tadbirlari qachon boshlanadi va kimlar birinchi galda emlanadi? Ular qayerda emlanadi? Shu kabi muhim savollariga vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Botir Qurbonovdan javob oldi.

— Koronavirus infeksiyasidan kasallanib, sogʻayganlar ham vaksina qabul qilishi kerakmi?

— Ha, virusning oʻzgaruvchan ekanligi, doimiy ravishda mutatsiyaga uchrashi, “COVID-19” bilan bogʻliq xavflarning yuqoriligi va koronavirus bilan qayta kasallanish ehtimolining borligi sababli, ushbu kasallik bilan avval kasallangan boʻlishidan qatʼiy nazar, emlanish tavsiya etiladi.

— Oʻzbekistonda “COVID-19” ga qarshi kimlar birinchi galda emlanadi?

— Dastlab JSSTning tavsiyasiga koʻra va dunyodagi boshqa davlatlar tajribasini oʻrgangan holda, Sogʻliqni saqlash vazirining joriy yil 15-fevraldagi tegishli buyrugʻiga asosan, aholi kasallikni yuqtirib olish xavfiga qarab toifalarga boʻlingan. Demak, olib kelingan vaksinalar bilan emlash ham shu ketma-ketlikda amalga oshiriladi.

Unga muvofiq:

  • Yuqish xavfi juda yuqori boʻlganlar: 65 yoshdan katta boʻlganlar (65-74, 75-84, 85 yosh va undan yuqori), tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turuvchilar;
  • Yuqori xavf ostida boʻlganlar: Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari, transport xodimlari (metro, temir yoʻl, aeroport), maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar, chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, Mehnat migrantlari ketma-ketlikda emlanishi rejalashtirilmoqda. Shundan keyingina asta-sekin aholining boshqa qatlamlari ham qamrab olinadi.

— Fuqarolar qayerda emlanadi?

Koronavirusga qarshi emlash ishlari koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor punktlarida va mobil guruhlar tomonidan amalga oshiriladi. Hududiy ambulatoriya-poliklinika xizmati tomonidan fuqarolarga emlanadigan kuni, vaqti va joyi haqida, albatta, xabar beriladi.

Emlash ishlarini esa maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan, alohida sertifikatlarga ega boʻlgan vaksinatorlar amalga oshiradi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog