Ko‘ngillilar va ko‘ngilsizlar

Sinov hammaga barobar keldi. Nomi bu yil barcha tillarda rekord darajada ko‘p qo‘llanilayotgan o‘sha ofat hamma millatni, mamlakatlarni bir qalqitib oldi. Ko‘p yaxshi odamlarni oramizdan olib ketdi. O‘zbekistonda salkam yetti oydan beri goh erkin, goh qattiq rejimli tarzda davom etayotgan karantin tugay demaydi. Uning tugashini nafaqat O‘zbekistonda balki butun dunyoda intiqlik bilan kutishyapti.

Odam o‘zini o‘zi zo‘rg‘a eplaydigan karantin sharoitida ko‘plab ko‘ngilli hamyurtlarimiz sahovat aksiyalarini tashkil etib, odamlardan mablag‘ yig‘ib iqtisodiy qiynalganlarga baholi qudrat ko‘mak berishdi. Abduvohid Atametov, Aziza Umarova Olimjon Haydarov, Muhammad Temur A’zam, Musannif Adham(Adham Olimov), Aqida Xonim va “Pokiza insonlar jamoasi”… bu ro‘yxatni uzoq davom ettirishimiz mumkin.
Bu insonlar ezgu ishlarini birovga yaxshi ko‘rinish uchun emas, savob umidida amalga oshirishdi. Lekin inson psixologiyasiga dahldor bir jihat bor. Odam bir yaxshi ishni amalga oshirsa, o‘ziga ozgina bo‘lsa ham rag‘bat bo‘lishini kutadi. Kutmayapman deyishi mumkin, bu to‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin. Lekin unga salgina rag‘bat berilsa, u keyinchalik yanada kattaroq ishlar, ko‘proq yaxshiliklar qilishga urinadi.
2020-yil 26-may kuni Prezident farmoni bilan “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan edi.
“Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomda:
– jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgani;
– tanti va olijanob xalqimizning buyuk tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, milliy an’analarini munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat va himmat kabi yuksak fazilatlarni ulug‘lab kelayotgani;
– aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga ko‘tarishga katta hissa qo‘shgani;
– xayriya va saxovat mablag‘larini to‘g‘ri va xolis yo‘naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga o‘z vaqtida beminnat ko‘mak berishdagi tashabbuskorligi;
– bugungi murakkab va og‘ir sharoitda jamiyatda tinchlik-osoyishtalik, birlik va o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashdagi faolligi;
– beg‘araz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan ko‘pchilikka alohida o‘rnak bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanishi qayd etilgan.
Bir necha kunlardan beri turli davlat tashkilotlarida xizmat qilayotgan xodimlarga ko‘krak-nishoni topshirilayotgani haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushyapti. Albatta, bunga hech kimning qarshiligi yo‘q. Chunki kechayu kunduz xalq salomatligi va xotirjamligi uchun tik oyoqda turishdi. Ularga mukofot berish kerak albatta.
Biror farmonda nazarda tutilgan ishlarda jonbozlik ko‘rsatgan biror oddiy fuqaroga ko‘krak-nishon berilganini ko‘rmadik ham, eshitmadik ham.
Pandemiya avjiga chiqib, odamlar ko‘chaga chiqishga ham xadiksirab turgan bir paytda ular o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘ygancha qiynalgan odamlarga ko‘mak berganini ko‘rdik. Biroq ularning birortasiga e’tibor namunasi sifatida biror rag‘bat ko‘rsatilmadi. Aslida ularga bu nishonning keragi ham yo‘q. Lekin biz yuqorida takidlab o‘tganimizdek, ozgina e’tibor yo rag‘bat kishiga yanada ko‘proq yaxshiliklar qilishga kuch beradi.
Umid shulki, ko‘ngillilarning ko‘ngliga e’tibor tashlansa, ularning safi yanada kengayadi. Axir ular shinam ofisda o‘tirgancha, davlat xalqqa deb ajratgan pulni qanday qilib “yuvish” haqida o‘ylashmayapti, odamlarga chin dildan ko‘mak berishyapti. Bir fikr keladi odamga, agar o‘zining tashabbusi bilan ko‘mak berayotganlar ko‘ngillilar deyilsa, odamlarga tarqatish uchun berilgan pulni o‘zi yeb qo‘yayotganlarni ko‘ngilsizlar deb atash kerak bo‘ladimi?! Axir faqat odamlarda ko‘ngil bo‘ladiku. Ha, mayli.

Furqat ALIMARDON

Korrespondent.uz

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog