Komil Allamjonov. Foto: fb.com/k.allamjonov

Komil Allamjonov OAV faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bizneslarga bo‘layotgan bosimga qarshi fikr bildirdi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ommaviy axborot vositalari sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlarga amaldorlar tomonidan bo‘layotgan bosimga qarshi fikr bildirdi. Uning bayonoti “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha navbatdagi reytingi chiqqan kunda e’lon qilindi (reytingda 2018-yildan buyon birinchi marta O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari yomonlashgan).

“Ba’zida davlat idorasi xodimlari xususiy tadbirkorlar, yani ommaviy axborot vositasi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatga qo‘ng‘iroq qilib, ular qonun doirasida yaratayotgan mahsulotlarini (maqolani) o‘chirib tashlashni talab qilishadi. Agarda xususiy tadbirkor bo‘lmish sayt buni bajarmasa uni chaqirishadi, qo‘rqitishadi. Aslida bu noqonuniy harakat, mansab vakolatini suiistemol qilish hisoblanadi. Soddaroq aytganda, tadbirkorning faoliyatiga asossiz aralashishdir”, — deb yozadi Komil Allamjonov.

“Bu xuddiki supermarket egasiga qo‘ng‘iroq qilib, shu mahsulotni savdo peshtaxtasidan olib tashla degandek talab. Yoki shokolad zavodiga telefon qilib, ertadan boshlab marmeladli shokoladni boshqa ishlab chiqarmanglar deyish bilan teng”, — deya ta’kidlaydi u.

“Nomi matbuot bo‘lgani, uning ustiga minib olsa ham bo‘ladi degani emas. Matbuot ma’suliyati cheklangan jamiyat faqat qonun oldida javobgar bo‘lishi kerak. Shaxslar oldida emas. Va matbuot mas’uliyati cheklangan jamiyat, boshqa jamiyatlar bilan teng ravishda erkin bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarishlari davomida, qonunchilikda, konstitutsiyada davlat idoralarining topshiriqlarini bajarishi kerakligi borasida hech qanday majburiyat yo‘q”, — deydi Komil Allamjonov.

Shu kunning o‘zida oldinroq mass-mediani qo‘llab quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi O‘zbekistonning matbuot erkinligi bo‘yicha reytingi yomonlashgani uchun sohadagi barcha mas’ul “mutasaddilarga mashaqqatli, sermazmun, ijodiy va tinimsiz mehnatlari uchun katta ‘rahmat’ ” aytdi.

“Baraka topinglar, hurmatlilar. Reyting-peytingga balo bormi, ‘toje mne’. Tushdi nima, ko‘tarildi nima, to‘g‘rimi? Ota-bobong qilgan ishni qilsanglar bo‘lmaydimi, deydigan odam yo‘q. Choyxonalarimizdan, gap, ulfatchiliklarimizdan qo‘ymasin. Zato bizda Bunyodkor stadioni bor. Fayzimizni bersin”, — deb yozadi u.

O‘zLiDeP a’zosi, deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram’dagi kanalida OAVga bosimlar to‘g‘risidagi xabarga munosabat bildirgandi.

“Biz liberal g‘oyalar tarafdori sifatida OAV va so‘z erkinligini bo‘g‘ish, jamiyatni rivojlanishdan to‘xtatishga qaratilgan har qanday harakatni keskin qoralaymiz”, — deya ta’kidlaydi u.

“Umid qilamizki, so‘z erkinligi borasidagi gaplar faqat so‘zda emas, amalda ham yaxshi tomonga o‘zgarishda davom etadi”, — qo‘shimcha qiladi Kusherbayev.

Latest from Blog