Koʻrgazmali “gumanitar” yordam uchun Tojikiston hukumati tanqid qilindi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va uning atrofidagilar nomidan COVID-19ga chalinganlar va shifoxonalarga koʻrsatilayotgan “gumanitar yordam” aksiyasi keng targʻib qilinayotgani tanqidchilar va muxolifat tomonidan hukumat pandemiyadan siyosiy obroʻ olishga urinayotganlikda ayblanishiga sabab boʻldi.

Foto: Silk Road Explore

Har kuni davlatga tegishli OAV turli kampaniyalar haqida xabar berar ekan, shifokorlar uchun oʻz nomidan shaxsiy himoya vositalari va shifoxonalar uchun kerakli preparatlar joʻnatayotgan “Millat yetakchisining xayriya tashabbusidan oʻrnak olishga” daʼvat qilinadi.

“Avesto Group” kompaniyasi nomidan yuborilgan “xayriya yordami” keng bahslarga sabab boʻldi, chunki yuborilgan yuklar orasida Xitoyning Tojikistonga joʻnatgan insonparvarlik yordamlari ham bor edi. Bu haqdagi video Internetda paydo boʻldi, gumanitar yordam solingan yuklarda Tojikiston-Xitoy doʻstligi aks etgan logotiplar koʻrinib turardi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Avesto Group” kompaniyasi shaʼniga keskin tanqidlar bildirishdi, muxolifatning fikricha, mazkur kompaniya aksiyalarining maʼlum qismi mamlakat prezidentining oʻgʻli, Majlisi Milliy raisi Rustam Emomaliga tegishlidir.

Foydalanuvchilar kompaniyani xorijiy mamlakatdan kelgan gumanitar yordamni oʻzlashtirib olganlikda va shifokorlarga oʻz nomidan tarqatayotganlikda aybladi.

Shifokorlar va hamshiralar yashirin va oshkora ravishda ijtimoiy tarmoqlarda oddiy himoya vositalarisiz va har kuni oʻz hayotlarini xatarga qoʻyib ishlayotganliklarini aytganidan soʻng yordamlarni taqsimlash va xayriya aksiyalarining keng targʻiboti kuchaytirildi.

Tojikiston Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotiga koʻra, 18-may holatiga koʻra, mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 1524 nafarga yetdi, 39 nafar bemor vafot etdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog