Kirilldan to‘liq voz kechish vaqti keldi!

Yozuv haqida gap ketganda yaqin o‘tmishimizga biroz nazar tashlasak. 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan, ziyolilarimiz tomonidan o‘sha davrdayoq lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish taklif qilingandi. Amalda bu jahon hamjamiyatiga kengroq integratsiyalashuvimizga birinchi qadam bo‘lgandi.

Foto: Wikimedia

1993-yil sentabr oyida bu borada Hukumatimiz tomonidan lotin yozuviga asoslangan alifbo bo‘yicha muhim hujjat qabul qilindi (1995-yilda o‘zgartirish kiritildi). Bu ko‘pchilik uchun yaxshi, katta avlod vakillari uchun biroz o‘ylantiradigan voqea edi.

Lotin yozuvi bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda eng ko‘p qo‘llanadigan eng yirik ko‘lamdagi jahon yozuviga aylangan. Buni yuqoridagi rasmdan ham bilib olishingiz mumkin.

Bugungi, XXI “axborot texnologiyalari asri”da lotin yozuvi eng qulay va samaralidir. Bosma nashrlarda ham matnda 10-15 % joy tejaladi. Yozuv masalasida xalqaro standartlarga moslik darajasi ortadi. Hatto, lotin yozuvidan foydalanmaydigan tillarda so‘zlashuvchilarning ko‘pchilik qismiga lotin yozuvi tanish. An’anaviy yozuvdan foydalanadigan tillarda ham ular o‘z tillarining xalqaro miqyosda lotincha transkripsiyalaridan foydalanadi. Masalan xitoy tilida Pinin, yapon va koreys yozuvining lotinchada yozilish qoidasi, hatto, rus tilining xalqaro miqyosda foydalaniladigan bir qancha lotincha transkripsiyalari bor.

Ayni vaqtda, biz uchun o‘quvchilarni ingliz, fransuz, ispan, nemis, italyan va boshqa tillarni tezda o‘zlashtirishiga (ortiqcha imlo muammosi bo‘lmaydi) zamin yaratadi. Endi tangani ikkinchi tarafi bor. Ayni paytda o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan xorijiylarning ham savod chiqarishida yengilliklar ko‘payadi.

1940-yilda mustabid tuzum bosimi ostida o‘zbek tilini rus tili ohangi va orfoepikasiga bo‘ysundirgan kirill alifbosi qabul qilindi (aslida 1956-yilgacha bir necha marta o‘zgartirishlar bo‘lgan). Mazkur alifboda o‘zbek tiliga yot bo‘lgan Ь – yumshatish, ’ – ayirish belgilari (arab tilidan o‘tgan so‘zlardagi ayirish, tutuq nisbati mustasno), yetti uxlab tushimizga kirmagan – Ц, “g‘alati unli”lar –Я, – Ю, – Ё, – Е, “og‘a tili” mahsuli bo‘lgan yumshoq unli hodisasi (альбом, шампунь) o‘ylamasdan o‘zlashtirilgan. Shuningdek, o‘sha davrdagi tilshunoslarimizning bu masalaga nisbatan, no‘noqligi va xatosi bilan ikki xil bir-biridan mustaqil tovushni anglatadigan – Ж (“журнал” va “жаҳон”) va O (“полк” va “доно”) chala harflari kiritilgani yetmaganday, rus “og‘a”larning og‘ziga havas qilinib “Ҳ” – harfimizni nafaqat xalqaro balki o‘zbekcha so‘zlardan “G” va “X”ga almashtirildi (Гайдар Алиев, Расул Гамзатов va boshqa). Bu kirilldagi bir nechta nuqsonlardan biri xolos.

O‘sha davrlarda sobiq Ittifoqdagi kuchli ideologiya natijasida bu borada o‘nglanishlar ko‘zga tashlanmadi. Tilning shakl-shamoyili, imlosi va talaffuzi jiddiy tarzda rus tiliga bo‘ysundirishga harakat qilindi. Demak, anglashimiz kerakki, kirill yozuvi – turg‘unligimiz belgisi.

Lotin yozuvini bizga o‘tgan asrning 20–yillardan ham, mustaqilligimizning boshlarida ham hech kim va hech qanday kuch majburlamadi. O‘z tashabbusimiz bilan, ongli ravishda o‘tdik. Alqissa, bu mustaqil O‘zbekistonning belgisi, kerak bo‘lsa, o‘zbek tili mustaqilligining belgisi.

1995-yil may oyida kiritilgan o‘zgartirishlardan keyin 2000-yilgacha lotin yozuviga o‘tish rejalashtirildi. Keyin bu muddat 2005, 2010 va hozirgacha noma’lum muddatga qoldirilgan. Endi masalani asl mohiyatiga to‘xtalamiz. Nega shuncha paytdan buyon lotinga o‘tishimiz qiyin kechayapti?

Birinchidan, 1995-yildan keyin faqat maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun darslik va boshqa o‘quv qo‘llanmalari chiqarildi xolos. Ta’lim muassasalarida tahsil olmaydigan, ishchi va xizmatchilar, chekka hududlardagi aholi qatlami, shuningdek, katta avlod vakillari uchun lotin yozuvi targ‘iboti bo‘yicha aniq tizimli ishlar amalga oshirilmadi;

Ikkinchidan, bu boradagi targ‘ibotning eng katta mashinasi OAV orqali ham lotin yozuvining ijobiy xususiyatlari, qulayligi va ommabopligini targ‘ib qilish masalasida ko‘zga ko‘rinarli harakat bo‘lmadi. Haligacha O‘zbekiston va boshqa telekanallardagi ko‘rsatuvlarda, asosiy informatsion dasturlar “Axborot” va “Tahlilnoma” qo‘rsatuvlari titrlari kirillda. Yaqindagina orziqib kutganimiz, jahon talablari darajasida, deya aytilayotgan “O‘zbekiston 24” telekanali ham kelajakka emas, o‘tmishga havas qilib, efirda kirill yozuvidan foydalanyapti;

Uchinchidan, telekanallarimizda ingliz tilini o‘rgatuvchi bir nechta teledarslar tashkil etilayapti, lekin katta avlod uchun lotin yozuvini o‘rganish masalasida birorta ham dastur mavjud emas;

To‘rtinchidan keng aholi qatlami, xususan, katta avlod vakillari uchun kundalik yonda olib yurishga qulay bo‘lgan, sodda qo‘llanmalar mavjud emasligi;

Beshinchidan, haligacha davlat va nodavlat tashkilotlarda ishlaydigan kadrlarning lotin yozuvi masalasida bilimining haminqadar ekanligi va lotin yozuviga o‘tishga, tan olish kerakki, “erinchoqlik” qilayotgani. Kerak bo‘lsa, bu masalaga konservativ qarashda yondashilayotgani;

Oltinchidan, bu borada lotin yozuviga o‘tishni nazorat qiladigan respublika darajasidagi tashkilotning faoliyati ko‘zga ko‘rinmayotgani va amalda mavjud emasligi;

Yettinchidan, lotin yozuviga mulkchilik va yuridik shaklidan qat’iy nazar o‘tish bo‘yicha huquqiy jihatdan aniq majburiy xarakterga ega bo‘lgan qonunosti hujjati mavjud emasligi;

Sakkizinchidan, kadrlarni ishga qabul qilishda, ularning, nafaqat lotin yozuvi, balki, o‘zbek tili bo‘yicha ham bilim saviyasi deyarli inobatga olinmayotgani;

To‘qqizinchidan, yoshlar uchun chop ettiriluvchi ommaviy nashrlarning hali ham kirillda chop etilayotgani (holbuki, 1994-yildan boshlab lotin alifbosi o‘qitilmoqda, demak aholining salkam yarmi lotinda tahsil olgan);

Agar yaxshilab o‘ylab qarasak, hammasi oddiygina bee’tiborlik natijasida kelib chiqqan sabablar. Hamma kimdir boshlab berishini kutdi, nazarimda. Aslida, qonunchilik hujjatlarida davlat va nodavlat tashkilotlarida rasmiy hujjatlarni lotin yozuvida yozmaslik to‘g‘risida hech qanday ta’qiq yo‘q. Ayni paytda, faqat kirillda yozilsin, degan topshiriq ham yo‘q. Demak, bu borada yuridik jihatdan ham aniqlik yetishmayapti.

Bu boradagi mavjud ishlar o‘z vaqtida amalga oshirilganda edi… Allaqachon lotin yozuviga o‘tishni yakunlagan bo‘lardik. Ba’zi pessimist fuqarolarimiz (asosan, kirillda tahsil olgan va lotinga hushi yo‘q) fikricha, O‘zbekistonni lotinga o‘tkazish qiyin emish. Bu, bekor gap! Hammani o‘ziga o‘xshatmasin ular! Chunki bu ham jamoatchilik ichida ishonqiramaslik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin. Bu faqat o‘zgarishlarga moyil bo‘lmagan, eskichalikni saqlab qolish tarafdorlarining fikri. Marhamat, yoshlar o‘rtasida so‘rov qilib ko‘ring-chi, natija qanday chiqarkan?

Eng yomoni, ziyoli qatlam, ba’zi filolog va olimlar orasida ham bunday zararli fikrlarning mavjudligini nima bilan izohlash mumkin? Amalda kirill alifbosi o‘zbek tilining orfografik va orfoepik qonuniyatlariga yetarli darajada mos kelmasligini bilib turib, bunday yondashish kerakmas, nazarimda. Emishki, o‘tgan asr davomida arab yozuvidan, lotin va kirillga, keyin yana lotinga o‘tish xalqimizni savodsiz qilishi va bebaho ilmiy merosimizdan ayirar emish. G‘alati holat!

Savol: O‘sha ilmiy merosimizni kim bizdan tortib olib qo‘yyapti? Uni qayerga yo‘qotyapmiz? O‘sha ilmiy meroslarni ingliz, rus va boshqa yevropa tillariga o‘girish mumkin-u, shunchaki, kirilldan lotinga o‘girib bo‘lmaydimi?

“Erinchoqligimiz tutdi”, desangiz, to‘g‘ri bo‘lardi, menimcha. Bugun buni oddiy kompyuter programmalari orqali, bir necha soniyada 99,9 foiz holatda to‘g‘ri o‘girish mumkin.

Keyingi bahona – xalqning savodsizlashishi. Hatto, sobiq Ittifoq paytida ham qishloq maktablarida nemis, ingliz, fransuz tillari o‘qitilgan. Butunlay so‘zlasha olmasa ham, o‘sha lotin yozuvi katta avlodning 70-80 foizining yodida.

Undan keyin 22 yildan buyon OAV vositalari, ko‘cha-ko‘ydagi, binolar peshtoqidagi yozuvlar, yangi nashr etilgan kitoblardagi lotin harflarini ko‘raverib, hammaning ko‘zi pishib ketgan. Hozirgi kunda katta avlod vakillari orasida lotin yozuvini o‘qiy olmaydiganlarni topish qiyin.

Tan olish kerak, 1995-yili qabul qilingan imlo qoidalarida mustaqillik shamoli bo‘lsa-da, ba’zi o‘rinlarda kirillning xatosini takrorlaganimiz ham rost. Lekin bu juz’iy kamchiliklarni tuzatish mumkin. Hatto, kirill yozuvimiz ham yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bir necha o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazgan. Lekin, o‘sha davrda hech kim bundan norozi bo‘lmagan.

Yana bir “dangasalik”ka misol: lotin yozuviga o‘tish odamlarda qiyin kechishi…? Ingliz va hatto xitoy tilini o‘rganish qiyin emas-u, o‘z ona tilimizni lotinda o‘qish qiyin ekanmi?

Marhamat, biz bilan birga boshlaganlardan 2000-yildayoq Turkmaniston, 2001-yilda Ozarboyjon lotinlashtirish jarayonini to‘liq yakuniga yetkazdi (Alifbosiga ikki-uch marotaba o‘zgartirish kiritishga ham ulgurdi). Hatto yoshi 50dan oshganlar ham lotinchada bemalol o‘qib yoza oladi. OAV, jamoatchilik, ta’lim, siyosat, iqtisod, boringki, eng quyi darajagacha rusiyzabonlargacha, hamma o‘zini lotinda KOMFORT his qilmoqda.

Xo‘sh, bizda nima etishmayapti? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganiday “eskicha ishlash vaqti o‘tgani”ni chin yurakdan his qiladigan rahbarlar, faollar va eng muhimi TURTKI yetishmayapti, nazarimda. Yanayam osonroq aytganda, kimdir boshlab berishi lozim.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali adabiyotshunos olim Shuxrat Rizayevning “O‘zbek tili hakka cho‘qigandek chuchmal tilga aylanayotganidan xavotirdamiz”, degan maqolasini ko‘rib qoldim. Juda ham g‘alati taklif bilan chiqilgan! Kirillni birinchi, lotinni ikkinchi alifboga aylantirish masalasi. Qayerda ko‘rgansizki, bir tilning ikki yozuvi bo‘lganini? Lotin yozuvi, o‘zbek tili tabiatiga mos emas ekan. Siz aytgan o‘sha mutaxassislar isbot qilib bera olarmikan, kirillning lotindan ustunligini? “Domla, kirill alifbosi mos edimi?” degan savol tug‘iladi. Yana aytibsizki, “sho‘rolar undan avvalroq alifboni uch bora o‘zgartirib (arab, lotin, kirill), xalqimizni savodsiz etganlaridek”… demak, sho‘ro yozuviga qaytaylikmi yana?

Endi o‘ylab ko‘ring-chi, 1995-yilda butun dunyoga jar solib, lotinga o‘tishni aytib maqtangan edik. 22 yildan keyin nima deymiz xalqaro jamoatchilikka? Kulgili taassurot qoldirmaymizmi? “Uzr, jo‘jani xom sanagan ekanmiz”, deymizmi? Yo “sho‘rolar”ni unuta olmaskanmiz”, deymizmi? Yoki, shunchaki, “Hazillashgandik!” deymizmi?

22 yildan buyon savod chiqargan o‘n milliondandan ortiq qora ko‘zlarimizga-chi, ularning yuziga qanday qaraymiz? Bu savollarga domlamiz va boshqa kirilga qaytish ishtiyoqidagi “mutaxassislarimiz” nima deyisharkan?

Yaqindagina Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon tajribasini aytib, yil oxiriga qadar qozoq tilining lotin yozuviga asosalangan imlosini ishlab chiqishni buyurdi va yaqin yillarda to‘liq o‘tish dasturi tayyorlangan. Bu orada Qirg‘iziston hukumati tomonidan ham shunday tashabbus o‘rtaga tashlandi, ishlar boshlab yuborildi. Rossiya Federatsiyasida bo‘lsa-da, Tatariston va Qrimda lotin yozuvining o‘z tillariga mos imlosi tayyor holga keltirilgan. Tojikistonda ham lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha bir necha takliflar mavjud.

Eng muhimi bizda Turkmaniston va Ozarboyjondan farqli 22 yillik tajriba bor. Savodlilik darajasi 99,9 foizlik marrani urgan imkoniyatimiz bor gap! Lotin yozuviga to‘liq o‘tish O‘zbekistonda inqilob darajasida emas, kichikroq islohot darajasida o‘tadi xolos. 2-3 yillik muddatda lotin yozuviga o‘tishda katta muammolar kelib chiqmasligi kunday ravshan. Yuqorida ta’kidlab o‘tgan kamchilik va xatolarimizni bartaraf etaylik.

Jamiyatimiz mentalitetida shunday, hukumat tomonidan qat’iy, majburiy ko‘rinishdagi qaror ishlab chiqilsa, ijrosiga hamma kirishib ketadi. Tavsiyaviy xarakterdagi islohot esa… Rusiyzabonlar masalasida esa davlat tilini bilish fuqaroning o‘sha mamlakat qonunlariga nisbatan hurmatining belgisi ekanligini eslatish kifoya.

Xullas, lotin imlosi masalasida o‘yimizni o‘ylagunimizcha tavakkalchilar allaqachon ishini bitirib bo‘ldi. Biz nimani kutayapmiz? Birinchi qadamni, tashabbusni kutayapmiz!

Unutmasligimiz kerakki, lotin yozuviga to‘liq o‘tish va unga ketadigan xarajat, aslida mamlakatimiz kelajagi uchun kiritiladigan ham moddiy, ham ma’naviy INVESTITSIYADIR.

Zero, ko‘z – qo‘rqoq, qo‘l – botir. Bu islohot bizning qo‘limizdan keladi!!!

O‘zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a’zosi – M. Usmonov

Latest from Blog